Deputat Rasul Kusherbayev qanday nohaqlikka uchradi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev bilan bogʻliq turli fikrlar koʻpaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev bilan bogʻliq turli fikrlar koʻpaydi. Foydalanuvchilar deputatni kimlardir yoʻq qilishga harakat qilayotgani, lekin bunga yoʻl qoʻymaslik haqida mulohazalar bildirmoqda.
Oʻzining dadilligi, muammolarga vaqtida eʼtibor qaratib, uning yechimini topishga harakat qilishi bilan Rasul Kusherbayev xalq orasida obroʻ qozongan. Shuning uchun ham koʻpchilik deputatni qahramon, deb biladi va unga zarar yetishini istamaydi.
Davlatimiz rahbari ham uning xizmatlarini eʼtirof etib “Kusherbayev koʻpchilikka yoqmaydi, lekin menga yoqadi”, deb aytgan.
Biroq, hozir muammo nimada ekani ochiq aytilmagani uchun vaziyat biroz chigallashdi.
Deputat oʻzining telegramdagi rasmiy kanalida bu haqda izoh berdi.
R.Kusherbayevning qayd etishicha, “Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda men bilan bogʻliq xabarlar va videomaterial muallifining murojaatlari yuzasidan quyidagilarni bildirib oʻtmoqchiman:
Yangiyoʻllik tadbirkor videoda bayon etgan holatlar, yer uchastkasi bilan bogʻliq vaziyat va boshqa ishlar boʻyicha ayrim prokuratura masʼullarining menga ayblov uyushtirish, majburan koʻrsatma olishga urinishlari haqida fuqarolar tomonidan menga ham murojaatlar boʻlgan va ularni imkon darajasida oʻrganganman.
Ushbu holatlar boʻyicha huquqiy baho berish, deputat faoliyati, oʻzi va oilasi daxlsizligi bilan bogʻliq kafolatlarni toʻliq taʼminlash yuzasidan tegishli yuqori idoralarga murojaat qilganman.
Umid qilamanki, barcha holatlar hech qanday taʼsirlarsiz xolis oʻrganilib, huquqiy baho beriladi, deputat daxlsizligi, shaʼni va ishchanlik obroʻsi taʼminlanadi...”.
Koʻrib turganingizdek, shamol boʻlmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. Deputatning xalqparvarligi, qonuniylik taʼminlanishi uchun jon kuydirayotgani kimlargadir yoqmagani ayon. Boʻlmasa unga qarshi koʻrsatma olishga urinishlar boʻlmasdi.
Ammo deputatning qilayotgan hamma ishlari, harakatlari xalq nazarida. Qolaversa, u bugun deputat boʻlgani yoʻq. Xalq unga ikkinchi marta katta ishonch bildirdi.
Ishonamizki, xalqimizga umid, ishonch bergan deputat chigal vaziyatdan yorugʻ yuz bilan chiqadi. Bu yoʻlda uni xalqimiz qoʻllab-quvvatlaydi!