Deputat mahkum yoshlar bilan muloqot o‘tkazdi
Andijonda “Inson huquqlari va ijtimoiy adolat: jamiyatga qayta moslashishning huquqiy kafolatlari” mavzusida “Ombudsman maktabi” mashg‘uloti doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Gulnoraxon Abduvohidova hamda Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili(Ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Jasurbek Ibrohimov viloyatdagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan yoshlar bilan uchrashdi.
Yosh mahkumlar bilan muloqotda ularning kasb-hunar egallashi va munosib hayotga qaytishi, jamiyatga qayta moslashuvi borasidagi imkoniyatlar, ulardan samarali foydalanish xususida so‘z yuritildi.

Shuningdek, muloqot davomida “Ikkinchi imkon”, “Ombudsman maktabi” loyihalarining samaralari, “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator hujjatlar haqida keng ma’lumotlar berildi.

Uchrashuvda yurtimizdagi millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar har bir yosh – jamiyatning ajralmas qismi, bilib-bilmasdan qilingan turli xatolar oqibatida og‘ir vaziyatda qolgan insonlar esa o‘zgarishi, o‘z hayotini yangitdan boshlash va kelajagini barpo etish imkoniga ega ekanligi qayd etildi.

Deputat tomonidan yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar bildirilayotgan ishonch – Yangi O‘zbekistonning ertasi uchun qo‘yilayotgan muhim qadamlardan biri bo‘lishi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga Oliy Majlis deputati va ombudsman vakilidan batafsil javoblar oldi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.