Deputat ko‘magida ichki yo‘l ta’mirlanmoqda
Hududlardagi mavjud masala va muammolarni hal etish aholiga qulay sharoitlar yaratishda, hududlar qiyofasini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlarning joylarda olib borayotgan o‘rganishlari va turli muammolarga yechim topishga ko‘maklashayotgani e’tiborga molik.
Xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashidagi O‘zXDP deputati Ziyo Parizod Azamat qizi tomonidan yuborilgan deputatlik so‘rovi asosida saylov okrugi hududidagi Muxbir va Taraqqiyot ko‘chalarida asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda.
Deputat hududga chiqib, amalga oshirilayotgan ishlar jarayoni bilan tanishdi. O‘rganish davomida yo‘l qoplamasining holati, qurilish-ta’mirlash ishlarining sifati va belgilangan muddatlarga rioya etilishi yuzasidan mas’ullar bilan muloqot qilindi.
Mazkur ishlar fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan yo‘l muammolarini bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, ichki yo‘llarning holatini yaxshilash, transport qatnovi xavfsizligini ta’minlash hamda aholi turmush sifatini oshirishga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA