Denovda Mirzo Ulug‘bek sharafiga haykal qad rostladi
Surxondaryo viloyatidagi Denov tadbirkorlik va pedagogika institutiga dunyo ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk astronom, matematik va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek haykali o‘rnatildi.
Muazzam haykalning tantanali ochilish marosimida o‘z davrining atoqli allomasi hayoti va jahon ilm-faniga qo‘shgan ulkan hissasi, davlat arbobi sifatidagi faoliyati xususida atroflicha so‘z yuritildi. O‘z saltanatini adolat va insonparvarlik g‘oyalari asosida boshqarib, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgani nafaqat ilm-fan, balki madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgani, ko‘plab madrasa, kutubxona, masjid, karvonsaroy, ko‘prik, so‘lim bog‘lar barpo etgani qayd etildi. Temuriylar davlati mashhur hukmdorining “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari bizning davrimizda ham yulduzlar ilmi sohasida dunyodagi eng nodir asarlardan biri sifatida alohida e’tirof etilib, o‘rganilayotgani ta’kidlandi.


– Ulug‘ ajdodimiz xotirasiga o‘rnatilgan haykal talaba-yoshlarimizga o‘tmishda ham yurtimiz ko‘plab buyuk zotlarga beshik bo‘lganini eslatib turadi, – deydi institut rektori Oybek Ro‘ziyev. – Ularning faxr tuyg‘usini yuksaltirib, ilm-fanga qiziqishini yanada oshiradi. Tafakkurini boyitib, buyuk ajdodlarimiz merosiga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.


Marosim ishtirokchilari muazzam haykal poyiga gulchambarlar qo‘yib, buyuk alloma xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Oliy ta’lim muassasasining “Turon” talabalar teatr studiyasi Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” asari asosida sahnalashtirgan spektakl namoyish etildi. Ilm-fan va boshqa sohalarda erishgan yutuqlari uchun bir guruh professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar mehnati munosib rag‘batlantirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri