Delegatlar qo‘llab-quvvatlandi
Nukusda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining X konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar va tuman Kengashi konferensiyalaridan saylangan delegatlar, partiya faollari, deputatlar, boshlang‘ich partiya tashkilotlari raislari, “Ayollar qanoti” va “Yosh adolatchilar” yetakchilari hamda ommaviy axborot vositalari hodimlari ishtirok etdi.
Konferensiya kun tartibida “Adolat” SDPning XI Qurultoyiga delegatlarni saylash to‘g‘risidagi masala muhokama etildi. Uni O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi N.Qaypbergenov boshqardi. Kun tartibidagi masala bo‘yicha partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisining o‘rinbosari R.Otarbayev bayonot berdi.

Bugungi kunda “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tarkibida 40 mingdan ortiq maslakdoshni o‘z saflariga biriktirgan 418 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyat olib bormoqda. Ushbu boshlang‘ich partiya tashkilotlarida partiyaviy loyihalarni munosib darajada ijro etayotgan, aholi muammolarini aniqlash va ularga maqbul yechim topishda faollik ko‘rsatayotgan hamda partiya g‘oya va mafkuralarini joylarda targ‘ib qilayotgan a’zolar ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, O‘zbekiston “Adolat” SDP ning maqsad va vazifalarini keng targ‘ib qilishda, partiya tashkilotlari o‘tkazadigan tadbirlarda ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini erkin bildirishda faol bo‘lgan partiya a’zolari va faollaridan 13 nafari delegat etib saylandi. Delegatlar joriy yil 29 may kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Adolat SDPning XI Qurultoyida ishtirok etadi.
Tadbirda Ellikqal’a tumani Kengashi raisi O‘.Karimov, Mo‘ynoq tumani Kengashi raisi A.Iniyatova va boshqalar so‘zga chiqib, delegatlarni qo‘llab-quvvatladi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA