Dehqon xo‘jaliklari faoliyati rivojlanmoqda
Prezident topshirig‘i amalda
Keyingi yillar mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalar asosida yuqori sifatli, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Toshkent viloyatida ham meva-sabzavot yetishtirish, ularni qayta ishlovchi ko‘p tarmoqli fermer va tomorqa xo‘jaliklari, oilaviy tadbirkorlar safi yil sayin ortmoqda. Prezidentimiz raisligida meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi.

Shuni alohida e’tiborga olib, mas’ullar tomonidan joylarda issiqxonachilik bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari vakillari ishtirokida seminarlar tashkil etilmoqda. Xususan, Qibray tumanida tashkil etilgan muloqotda 300 nafardan ortiq issiqxona egalari, tijorat banklari mas’ullari hamda yo‘nalishga aloqador bir qator tashkilot rahbarlari qatnashdi.

Unda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi rahbarlar mavjud muammolarni muhokama qilib, hal etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Ma’lumot uchun, bugungi kunda hudud bo‘yicha jami 679 ta issiqxona bo‘lib, 1 ming 97 gektar maydonda mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, O‘rta Chirchiq tumanida ham joriy yilning birinchi yarimida dehqonchilik mahsulotlarining hajmi 352,4 milliard so‘mni yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 109,1 foizni tashkil qildi. Hozir hududda 115,4 gektar issiqxonalar tashkil etilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur hudud bo‘yicha yetishtirilgan meva-sabzavot, uzum mahsulotlarining 30 foizi qayta ishlashga, 10 foizi eksportga, 48 foizi ichki iste’mol va bozorlarga, 12 foizi esa zaxira va urug‘lik fondiga olinadi. Tumandagi “Uyg‘ur” mahalla fuqarolar yig‘ini issiqxonachilikka ixtisoslashtirilmoqda.

Shu yerlik yosh oilaviy tadbirkor Hakim Mamadov davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, o‘z tomorqasida besh sotix issiqxona tashkil qildi.
– Shu kunlarda turli ko‘katlar va karam ko‘chatlarini parvarishlayapmiz, – deydi H.Mamadov. – Hosilimiz ichki bozordan ortmaydi. Daromadimiz yaxshi. Kelgusida faoliyatimni kengaytirishni rejalashtirdim. Maqsadlarim katta.

Yangiyo‘l tumani Sho‘ralisoy qishlog‘ida Italiya uslubida pomidor qoqisini tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Mazkur loyiha ham Toshkent viloyati uchun o‘ziga xos yangilik. Pomidor qoqilari “Yangiyoʻl agrostar” MCHJ tomonidan tayyorlanmoqda. Bu tumanda o‘tgan yil 2,8 ming gektar yer maydonida pomidor, bulg‘or qalampiri, ko‘kat yetishtirilgan edi. Yil oxirigacha esa 4,7 ming gektarda mahsulot yetishtirish qayta tasdiqlandi va ekilishi ta’minlandi. Buning uchun Italiyaning “AREAFREDDA SRL” korxonasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolangan.
Loyihani amalga oshirish maqsadida Yangiyo‘l tumanida bo‘sh turgan yer maydonida quritish uchun joy tanlab olingan va mutaxassislar tomonidan mahalliy ishchilarga qoqi tayyorlash o‘rgatildi. Jumladan, 2 gektar yer maydoniga qoqini quritish stollari yasalib, hozirgacha 130 tonna pomidor qoqi uchun kesib yoyildi.
Hozirda tayyor holatga keltirilgan 4,5 tonna qoqi mahsuloti muzxona omborlarida saqlanmoqda. Mavsum yakunigacha yana 2 ming 300 tonna pomidor mahsulotini tabiiy usulda quritish va Italiyaga 200 tonnadan ortiq pomidor qoqisini eksport qilish rejalashtirilgan.
A.Musayev,O‘zA.