Dehqon, fermer va klasterlar faoliyati yanada rivojlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Mavludaxon Xo‘jayeva Rishton tumanidagi madaniyat markazida saylovchilar bilan uchrashdi. Unda hudud faollari, tuman kengashi deputatlari, faxriylar, xotin-qizlar va yoshlar, tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Saylovchilar dastlab nomzodning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan asosiy yo‘nalishlar bilan tanishtirildi. Undagi muhim jihatlarga ishonchli vakil tomonidan to‘xtalib o‘tildi. Nomzodning saylovoldi dasturidagi har bir amalga oshirilajak ishlar avvalo, xalqimiz farovonligi uchunligi alohida ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelayotgani, ijobiy o‘zgarishlarni oilalar o‘z hayotida his qilayotgani haqida fikr yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona shahrida saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Farg‘ona viloyatini kelgusi yetti yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari rishtonliklar uchun muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida klasterlar va fermerlar o‘rtasidagi shartnoma munosabatlari to‘liq qayta ko‘rib chiqilib, klasterlar tomonidan fermerlarga ko‘rsatilgan qo‘shimcha xizmatlar ular bilan o‘zaro kelishuv asosida alohida hisob-kitob qilinadi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida klasterlar va fermerlarning yerini haqiqiy bozor aktiviga aylantirish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Qisqacha aytganda, yerning ijara huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish, hadya qilish, kredit olishda garov sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi.

-Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturini katta qiziqish bilan eshitdim va kelajakka bo‘lgan ishonchim yanada ortdi, - deydi rishtonlik yosh fermer Gulira’no Xoliqova. – Saylovoldi dasturidan men kabi yosh fermerlarni quvontiradigan bir nechta tashabbuslar ilgari surilgan. Meni quvontirgani O‘zbekiston Qahramoni Lola Murodova xotirasini abadiylashtirish maqsadida uning nomidagi fermerlar maktabini tashkil etish taklifi bo‘ldi. Mana shu maktabning ilk o‘quvchisi o‘zim bo‘laman. Shu sabab barcha rishtonliklarni bo‘lajak saylovlarda o‘z ovozlarini Shavkat Mirziyoyev nomzodiga berishlarini so‘rayman.

Uchrashuv yakunida ishonchli vakil barchani Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqirdi.
Farg‘ona viloyati bo‘ylab ishonchli vakil ishtirokidagi uchrashuvlar davom etmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA