Dehqon bozoridagi narx-navo o‘rganildi
Andijon viloyati Paxtaobod tumani dehqon bozoridagi narx-navo, aholiga yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi.
“O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tuman hokimligi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zLiDeP viloyat, tuman Kengashlari deputatlari, tuman Kengashi doimiy komissiya raislari, deputatlik guruhi rahbarlari, partiyalar faollari, yoshlar parlamenti a’zolaridan tuzilgan ishchi guruh tomonidan tuman markaziy dehqon bozorida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, narx-navo barqarorligiga erishish borasida amalga oshirilgan ishlar, ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash, kuz-qish mavsumi uchun oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralari yaratilganligi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi.
O‘rganishlar yakunlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan jamoatchilik muhokamasida bozordagi holat, turli yo‘nalishlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, yutuq va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.
– Tuman dehqon bozorida narx-navo barqarorligi, aholiga yaratilgan shart-sharoitlar, umuman, bozorda turli yo‘nalishlarda olib borayotgan ishlar o‘rganildi, – deydi Ishchi guruh a’zosi, Xalq deputatlari Paxtaobod tuman Kengashi deputati Omadjon Mamatqulov. – Ta’kidlash kerakki, dehqon bozorida aholini asosiy oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash, narx-navo barqarorligini saqlash, bozor hududini obodonlashtirish, sanitariya-epidemologiya qoidalariga rioya etish bo‘yicha ishlar belgilangan tartiblar asosida olib borilmoqda.
Aholiga qulayliklar yaratish maqsadida bozor hududida “Elga xizmat” rastalari tashkil etilib, asosiy oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik maxsulotlari arzonlashtirilgan narxlarda sotilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, bozor ma’muriyati hamda tadbirkorlar tomonidan qish va kelgusi bahor mavsumi uchun hozirga kunga qadar 220 tonna kartoshka, 560 tonna piyoz, 60 tonna sabzi zaxirasi yaratilgan. Bu boradagi ishlar reja asosida davom ettirilmoqda.
Jamoatchilik muhokamasida Ishchi guruh tomonidan qish va bahor mavsumi uchun oziq-ovqat zaxiralarini sifatli tarzda saqlash, bu borada tadbirkorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, ularga qulay shart-sharoitlar yaratib berish, mahsulotlarning muzlab qolmasligi, sotuvchi va xaridorlarga qulay bo‘lishi uchun savdo pavilonlar atrofini salafan bilan himoyalash, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, umuman, qish mavsumini betalofat o‘tkazish yuzasidan bozor ma’muriyatiga tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, muhokamada bozordagi shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, aholining iste’mol madaniyatini oshirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga daxldor boshqa dolzarb masalalar yuzasidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishini nazoratga olish, bozor bilan bog‘liq masalalarni tuman Kengashining tegishli komissiyalarida muhokama qilish, zarur masalalarni tuman Kengashi sessiyasi kun tartibiga kiritish zarurligi qayd etildi.
Ishchi guruh tomonidan o‘tkazilayotgan bu kabi o‘rganishlar, jamoatchilik muhokamasi va nazorati qator yo‘nalishlardagi ishlar sifati hamda samaradorligini, mutasaddilar mas’uliyatini oshirishga, mavjud xato va kamchiliklarni bartaraf etishga yordam bermoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari