Dehlida O‘zbekiston madaniyatiga bag‘ishlangan ilmiy seminar o‘tkazildi
Yaqinda Dehli shahrida Javoharlal Neru universitetining Fors va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi hamda Doro Shukuh ilmiy-tadqiqot jamg‘armasi hamkorligida “Markaziy Osiyo va O‘zbekiston tarixi, madaniyati hamda adabiyoti tadqiqoti” mavzusida xalqaro ilmiy seminar va adabiy-badiiy kecha tashkil etildi.
Anjumanda Hindiston, O‘zbekiston, Eron va Afg‘onistondan taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, ilmiy tadqiqotchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarga Fors va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi raisi, professor Axloq Ahmad Ahan raislik qildi. U o‘z ma’ruzasida Javoharlal Neru universitetida Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy merosini o‘rganishga qaratilgan ilmiy-tadqiqotlarning strategik va akademik ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Professor ikki mintaqa o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy va madaniy aloqalar bugungi kunda ilmiy hamkorlik asosida yangi bosqichga ko‘tarilayotganini alohida ta’kidladi.
Jindal universiteti dotsenti, eronlik olima Fotima Rajabi o‘z ma’ruzasida o‘zbek madaniyati, mumtoz va zamonaviy adabiyotining xalqaro miqyosda o‘rganilishi masalalariga to‘xtaldi. U o‘zbek adabiy merosining xorijda jumladan, Sharq va G‘arb ilmiy doiralarida keng tadqiq etilayotgani mintaqalararo madaniy muloqotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.

Dehli Malaka va Biznes universiteti (DSEU) professori Santosh Kumar esa o‘zbek milliy raqs san’atiga bag‘ishlangan tadqiqotlar xususida ma’ruza qildi. Xususan, u YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Xorazm lazgisi” hamda milliy va tarixiy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan “Andijon polkasi”ning o‘ziga xos xususiyatlari haqida so‘z yuritdi.
Olim mazkur raqslarning xoreografik tuzilishi, tarixiy taraqqiyot bosqichlari va ularning mintaqalararo madaniy aloqalar rivojidagi o‘rniga batafsil to‘xtaldi.
Tadbirning ikkinchi qismida she’rxonlik, yangi nashr etilgan adabiy-ilmiy manbalar va kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, JNU Fors va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi bilan hamkorlikda chop etiladigan “Suz.in” xalqaro ilmiy jurnalining navbatdagi soni keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Nashrning yangi sonidan sharqshunoslik, adabiyotshunoslik va madaniyatlararo aloqalarga oid dolzarb akademik maqolalar o‘rin olgan. Jurnal mazmun-mohiyati va unda jamlangan ilmiy materiallar xususida jurnal bosh direktori Asror Allayorov batafsil ma’lumot berdi.
Yig‘in yakunida ishtirokchilar bunday ilmiy va adabiy muloqotlar O‘zbekiston va Hindiston, shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni kengaytirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
O‘.Alimov, O‘zA