Davrimiz qahramonlaridan biri
Oramizdagi odamlar
Buxoro viloyatining Vobkent tumani “Hajuvon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Bobur aka Karimov hayot sinovlariga qaramay, inson qadri, iroda va mehnat kuchiga ishongan holda yashab kelayotgan yuksak matonat sohibidir. Uning hayot yo‘li shunchaki shaxsiy qissa emas, minglab insonlar uchun umid, ishonch va ilhom manbaidir.
Jismoniy imkoniyatning cheklanganligi insonni to‘xtatib qo‘ymaydi, aksincha, uning ichki qudratini ochib beradi, degan hayotiy qarash Bobur akaning butun faoliyatida namoyon bo‘ladi. U har qanday qiyinchilikka qaramasdan o‘z hayotini mazmunli, foydali va samarali tashkil etishga intilib kelmoqda.
–Insonni cheklaydigan narsa jismoniy holati emas, uning fikrlari, –deydi Bobur aka. –Agar inson o‘zini ojiz deb bilsa, u haqiqatdan ham ojiz bo‘lib qoladi. Agar u harakat qilishga ishonsa, hayot unga yo‘l ochadi. Men har kuni o‘zimga “Sen qodirsan”, deb aytaman. Men faqat o‘zim uchun yashashni istamayman. Agar bir insonning qo‘lidan boshqalarga ham foyda keltirish kelsa, demak, u haqiqiy ma’noda inson bo‘lib yashayapti. Ish o‘rni yaratish eng katta savob ishlardan biri, deb bilaman.

Bu so‘zlar uning hayot falsafasini yaqqol ifoda etadi. Uningcha, iroda, sabr-toqat va mehnat insonni har qanday holatda ham oldinga boshlaydigan asosiy kuchdir.
Mahalla ijtimoiy xodimi Gulnoza Ravshanova tomonidan Bobur akaga elektron yuritmali aravacha berilgani uning hayotida yangi bosqichni boshlab berdi. Bu nafaqat harakatlanish imkonini kengaytirdi, balki uning ijtimoiy faolligini yanada oshirdi.
–Bobur aka ijtimoiy yordamga muhtoj inson emas, balki jamiyatga foyda keltirayotgan shaxs, –deydi Gulnoza Ravshanova. –Biz bergan aravacha uning faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qildi. U o‘zini yordam oluvchi emas, imkoniyat yaratuvchi inson sifatida ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda Bobur aka “Paynet” shoxobchasi va kichik ovqatlanish oshxonasini yuritib kelmoqda. Bu faoliyat nafaqat uning oilasi uchun barqaror daromad manbai, balki boshqalar uchun ham ish o‘rni yaratish imkonidir. Ayni paytda u 4 nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlagan.

Bobur aka oilali, 3 nafar farzandning mehribon otasi. U farzandlariga faqat so‘z bilan emas, hayoti bilan tarbiya bermoqda. Uning hayotidagi asosiy g‘oya farzandlarga irodali, mehnatsevar va mas’uliyatli inson bo‘lish namunasini ko‘rsatishdir.
–Farzandlarim menga qarab: “Otam qiyinchilikdan qo‘rqmadi”, deb o‘rnak olsin. Men ularga boylik emas, ibrat qoldirmoqchiman, – deydi u.
Bobur aka Karimov misolida shuni yaqqol ko‘rish mumkinki, imkoniyatlar cheklangan bo‘lishi mumkin, ammo insonning orzulari, intilishi va mehnati hech qachon cheklanmaydi. Uning hayoti iroda, sabr, harakat va maqsadga intilishning namunasidir.
U shunchaki tadbirkor yoki faol fuqaro emas, u jamiyat ruhiyatini mustahkamlovchi, insonlarga ishonch bag‘ishlovchi shaxsdir. Ana shunday insonlar jamiyatning haqiqiy qahramonlari sanaladi. Chunki haqiqiy kuch tanada emas, qalbda. Haqiqiy boylik mol-dunyoda emas, irodada. Haqiqiy yutuq qiyinchiliklar ustidan qozonilgan ichki g‘alabadir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri