Davlatobodda bunyodkorlik ishlari avjida
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumanida umumiy uzunligi 3,1 kilometrga teng yo‘l qaytadan yangilanib, 4 tasmali qilib qurilmoqda. Ko‘chaning ikki tomonida piyodalar yo‘laklari, yashil hududlar tashkil etiladi va zamonaviy yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Bu yerda, shuningdek, ikkita yer usti piyodalar yo‘lagi barpo etilmoqda.
Tumandagi yana bir “G‘alaba” turizm ko‘chasida ham qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal sur’atda davom etmoqda.
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ushbu ob’ektlardagi ish sifati va sur’ati bilan yaqindan tanishgach, Namangan xalqaro aeroportida bo‘ldi.
Bu yerda ayni paytda 140 million dollarlik investitsiya hisobidan yangi, uch qavatli terminal bunyod etilmoqda. Yangi terminal ishga tushgach, aeroportning yo‘lovchi tashish quvvati 2,5 barobar oshadi. Shuningdek, chegara nazorati, viza bo‘limlari, biznes zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot xonasi hamda “Duty Freye” do‘konlari zamonaviy tarzda tashkil etiladi.
Aeroportda kuniga 50 tonna yukni qayta ishlash imkoniga ega bo‘lgan yuk terminali ham qurilmoqda. Ushbu majmua orqali 90 ta mamlakatga eksport qilish imkoniyati yaratiladi va vodiyda yagona kargo tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi terminal kelgusi yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Viloyat rahbari aeroport atrofidagi infratuzilmani rivojlantirish, yo‘l va kommunikatsiya tizimlarini yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
[gallery-26117]
Shundan so‘ng “Yangi Namangan shaharchasi”da barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joylar qurilishini ham borib o‘rgandi.
“Yangi Namangan shaharchasi” loyihasi doirasida zamonaviy infratuzilmalar, ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda yo‘l-transport tizimlari qad rostlamoqda. Maktab, bog‘cha, poliklinika, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilishi ham loyihaning ajralmas qismi sifatida ko‘zda tutilgan.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA