Davlat xizmatchisining xorijiy oliy ta’lim muassasasida tahsil olgan davri uning mehnat stajiga qo‘shilishi mumkin
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, davlat fuqarolik xizmati sohasini rivojlantirishga oid qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Xususan, “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning teng huquqliligini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga odil sudlovdan foydalanish uchun qulay imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, ularning murojaati talab etilmagan holda soliq imtiyozlari qo‘llanilishi, ularni ishga qabul qilgan yoki ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga soliq imtiyozlari berilishi nazarda tutilmoqda.
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga davlat fuqarolik xizmatchisining xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun qo‘shimcha kafolatlarni belgilashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun bilan esa davlat fuqarolik xizmatchisi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida magistratura yoki doktorantura ta’lim dasturlari asosida tahsil olish bo‘yicha grant yutib olgan taqdirda, ta’lim olish davrida uning ish o‘rni (lavozimi) davlat organi rahbarining yozma roziligi bilan saqlanishi belgilanmoqda.

Davlat fuqarolik xizmatchisining xorijiy oliy ta’lim muassasasida tahsil olgan davri uning mehnat stajiga qo‘shiladi hamda ko‘p yillik xizmati uchun qo‘shimcha to‘lov belgilashda inobatga olinadi.
Ta’lim dasturini yakunlagan davlat fuqarolik xizmatchisining zimmasiga tegishli davlat organi tizimida xorijiy oliy ta’lim muassasasida tahsil olgan davriga teng muddatda ishlab berishi ham nazarda tutilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA