Davlat tilining maqomi qonunda aks etadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyamizning 4-moddasida O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili ekani belgilangan. Biroq huquqni qo‘llash amaliyotida davlat tilini tatbiq etish bilan bog‘liq munosabatlarda ayrim kamchiliklar kuzatilmoqda. “Davlat tili haqida”gi qonunda esa uning amalga oshirilishini ta’minlaydigan, bu sohada yagona davlat siyosatini olib boruvchi maxsus davlat organi va uning huquqiy maqomi bilan bog‘liq masalalar umuman yoritib berilmagan. Davlat xizmatchilariga nisbatan davlat tilini bilishga oid talablarning belgilanmagani ham ushbu qonunning amalda samarasiz ishlashiga olib kelmoqda.
Shundan kelib chiqib, “Davlat tili haqida”gi qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq etilishini ta’minlash maqsadida mazkur hujjatning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi.
Xo‘sh, qonun loyihasida qanday normalar aks etmoqda?
Qayd etilishicha, unda davlat tilini rivojlantirish sohasidagi siyosatning asosiy yo‘nalishlari, Vazirlar Mahkamasi, davlat organlari va tashkilotlarining bu boradagi vakolatlari nazarda tutilyapti. Ushbu vakolatlarning qonun darajasida mustahkamlanishi barcha sohalarda qonun qat’iy amal qilishi, o‘zbek tilining adabiy til me’yorlariga rioya etilishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari, ta’lim, madaniyat, noshirlik sohalari faoliyati hamda ommaviy axborot vositalari, geografik ob’ektlar nomlari, fuqarolar ismlari, muhr, tamg‘a va ko‘rgazmali ma’lumotlar, xalqaro munosabatlarda davlat tilining qo‘llanilishi aks etmoqda. Bu o‘zbek tili bilan bog‘liq tarixiy-ma’naviy merosimizni asrab, kelgusi avlodlarga yetkazilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati ko‘zda tutilayotgani barobarida mazkur qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik ham belgilanyapti.
Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur hujjatning qabul qilinishi davlat tilining ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qo‘llanilishiga, uning rivojlanishi va ommalashuviga katta turtki beradi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
O‘zA