Davlat rahbarining ishonchidan rag‘bat olgan O‘zbekiston yoshlari
Prezident bilan muloqotdan so‘ng...
Oksford, Kembrij, Garvard kabi dunyodagi eng nufuzli universitetlarda kimlar ta’lim oladi? Unday dargohlarga o‘qishga kirish uchun inson aql-zakovati nimalarga qodir bo‘lishi kerak?
Shu savollar kishini, beixtiyor, o‘yga toldiradi. Hozir esa o‘ziga xos salohiyati bor, so‘zimiz boshidagi savollarga javob topgan yoshlar bilan yonma-yonman. Ular bilan bir davradaligingdan qalb g‘ururga to‘lmay bo‘ladimi?

Ko‘ksaroy qarorgohi, 14 fevral. Prezidentning mamlakatimiz yoshlari bilan muloqoti yakunlanganiga hech qancha bo‘lgani yo‘q. Uchrashuvdan chiqqan yoshlarning yuz ko‘zlariga, suhbatiga jimgina e’tibor qilaman. O‘zbekning oddiy farzandlari. Hatto, erishgan natijalarini oddiy hol sanaydi. Ilmidan kibrlanishni bilmaydi.
Farg‘onalik Azizbek Zaylobiddinov va buxorolik Parviz Tuksanovlarni tinglayapman. Kelajakdagi rejalari va istaklari haqida so‘zlayapti. Borlig‘imni hayrat va havas chulg‘ab olgan.

Shu o‘rinda bir ma’lumotni keltirib o‘tish o‘rinli. Bugungi kunda shu ikki yigit kabi bir-biridan salohiyatli minglab yoshlarimiz xorijda tahsil olmoqda.
Birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali keyingi yetti yilda AQSHning Garvard, Yel, Kolumbiya, Stenford kabi eng nufuzli sakkizta, Buyuk Britaniyaning Oksford, Kembrij, Birmingem kabi yigirmadan ortiq oliygohni ellik nafardan ko‘proq yoshlarimiz bitirdi. Bugun bu ta’lim dargohlarida o‘qiyotgan qorako‘zlarimiz soni esa ikki yuz nafardan oshib ketdi.
Natijalar taqqos qilinganda yaqqol ko‘rinadi. O‘tgan yigirma besh yil ichida davlat hisobidan sakkiz nafar yosh xorijga o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, ushbu jamg‘arma orqali so‘nggi yetti yilda uch barobar ko‘p o‘g‘il-qizlarimiz bunday imkoniyatga ega bo‘ldi.
– Hozir o‘n sakkiz yoshdaman, – deydi Garvard universiteti talabasi, «Ibrat debat» loyihasi rahbari Azizbek Zaylobiddinov. – Yangi O‘zbekistonda yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanayotgan yoshlardan biriman. Noyabr oyida Garvard universitetidan yuz foizlik grant oldim. Endi o‘qishni barcha xarajatlari qoplangan holda davlat boshqaruvi yo‘nalishida AQSHda davom ettiraman. Boshida dunyoning eng mashhur universitetida o‘qish istagim borligini bildirganimda ko‘pchilik ishonmadi. “Oltiariq qayerda-yu, Garvard qayerda?..” deguvchilar ham bo‘ldi. Lekin men ularga e’tibor qilmadim, shashtimdan qaytmadim. Yuqori sinfga o‘tishim bilan barcha akademik ko‘rsatkichlarimni yaxshilab borishga harakat qildim. O‘rganish va izlanishdan to‘xtamadim. Ijtimoiy loyihalarda ham faol bo‘ldim. Xususan, “Ibrat debat” loyihasida ishladik. Jamoamiz bilan ingliz tilida debatlar tashkil qildik va bu natijasini berdi.
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va yaratilayotgan sharoitlar natijasida ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni ko‘payib bormoqda. Bugun ularning soni to‘rt ming uch yuz ellik nafardan ortdi. Yoshlar orasida chet tillarni o‘rganishga qiziqish keskin kuchaydi.
Yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, xalqaro “SAT” imtihonida rekord natija qayd etgan Parviz Tuksanov shunday yoshlardan biri.
Bu imtihon “akademik baholash testi” sanaladi. U insondagi tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini tekshirish uchun o‘tkaziladigan xalqaro darajadagi sinovdir. Dunyoning eng nufuzli oliygohlarida o‘qish niyati bo‘lganlar shu imtihonning sertifikatiga ega bo‘lishi shart.
– Prezident erishgan natijalarim bilan qiziqdi, kelgusi rejalarim haqida gapirib berdim, – deydi “Pinnacle School” o‘quv markazi rahbari Parviz Tuksanov. – Davlatimiz rahbari senday farzandlarim erishayotgan natijalarga qarab, yo‘limiz to‘g‘riligiga ishonaman dedilar. Shu yurtga, buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lishimiz zarurligini uqtirdilar. Bu ishonch, otalarcha mehr va samimiy muloqotdan ruhlanmay bo‘ladimi?! Men o‘zim uchun katta kuch-quvvat oldim. Hozir xalqaro reytinglarda dunyoda sakkizinchi o‘rinda turadigan “National University of Singapore”ga hujjat topshirganman. Shuning javobini kutyapmiz. Men intilayotgan ta’lim dargohida yoshlarga juda ham ilg‘or, dunyoga mashhur olimlar saboq beradi. Jahonning o‘ziga xos tajribalarini o‘rganib, yurtimizning har jihatdan rivojlanishiga hissa qo‘shish niyatim bor.
Darvoqe, muloqotda energetika, transport, urbanizatsiya, zamonaviy arxitektura, tibbiyot yo‘nalishlarida “El-yurt umidi” jamg‘armasi kvotalari ko‘paytirilishi alohida qayd etildi.
Shuningdek, dunyoning nufuzli “TOP-100” oliygohlarida ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan olimlarga uy-joy uchun o‘n yil muddatga 800 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladigan bo‘ldi.
Yuksak marralarni ko‘zlayotgan iqtidor egalariga bu yangiliklar ham yana bir rag‘bat bo‘ldi. Imkoniyat va mana shunday rag‘batdan samarali foydalanayotgan yigit-qizlar safi kengayaversin.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri