Davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Prezidentimiz farmoni bilan joriy yilda davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovar bo‘lgan bir guruh yurtdoshlarimizga orden hamda medallarni tantanali ravishda topshirdi.
Taqdirlanganlar safida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar xodimlari, ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ilg‘orlari, ilm-fan, ta’lim, tibbiyot sohalari fidoyilari, huquq-tartibot idoralari vakillari, harbiy xizmatchilar bor.
Marosimda “O‘zbekistonda Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” unvoni, “Fidokorana xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati”, “Birinchi darajali sog‘lom avlod uchun”, “Ikkinchi darajali sog‘lom avlod uchun”, “Do‘stlik” ordenlari, “Jasorat”, “Sodiq xizmatlari uchun”, “Shuhrat” medali, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi.

Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar kamtarona xizmatlari yuksak qadrlanib, davlat mukofotiga munosib ko‘rilgani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Mazkur mukofot kelgusida Yangi O‘zbekistonni barpo etishga yanada ko‘proq hissa qo‘shishga da’vat etishini alohida ta’kidladi.

¬Bu mukofot ko‘proq o‘qib, yetuk mutaxassis bo‘lishim va sportda yanada yuksak cho‘qqilarni zabt etishga undamoqda, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sovrindori Sh. Lutfillayev. –Kelgusida Olimpiada o‘yinlarida dunyoning eng zo‘r polvonlari bilan gilamga tushganimda ham bu e’tirof g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishimga ishonch hissimni mustahkamladi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi deparment mudiri Ilhom Qurbonov ishtirok etdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA