Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloq qoidalariga amal qilishi talab etiladi
2022 yil 14 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati davomida hamda xizmatdan tashqari vaqtda odob-axloqi, tashqi ko‘rinishi va kiyinish uslubining namunaviy qoidalarini o‘z ichiga oladi.
Ayni kunlarda barcha hududda, tashkilot va idoralarda, qator muassasalarda mazkur qaror mazmuni hamda davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari keng targ‘ib-tashviq qilinmoqda, ularning ahamiyati tushuntirilmoqda.
Ayni maqsadda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ham fan, ta’lim, tibbiyot va sport yo‘nalishidagi vazirlik va idoralar ishtirokida seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi mutasaddilari davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari xususida ma’ruza qildi.

— Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga bo‘lgan hurmat va ishonchni oshirish hamda davlat xizmatchilarining axloq qoidalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarining oldini olishga qaratilgan, — dedi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi bosh inspektori Shaxruz Azimov. — Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari, avvalo, har bir insonning oilasidan boshlanadigan odob-axloq ko‘rinishlaridir.
Xushmuomalalik, hallolik, o‘z ishiga vijdonan yondashish, samimiy va kamtarin bo‘lish, belgilangan tartib-intizomga rioya qilish, kasb etikasiga amal qilish kabilar shular jumlasidandir. Masalan, kasbiy madaniyatga oid umumiy odob-axloq qoidalari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, davlat xizmatchilari fuqarolarning jinsi, irqi, millati, fuqaroligi, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei kamsitilishiga olib keluvchi ta’sir choralari va harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi, halol, adolatli va kamtar bo‘lishi, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatni namoyish qilishi lozim.
Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qarorlarni qabul qilishda qonuniylik, adolatlilik va shaffoflikni ta’minlashi, davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazuvchi, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini pasaytiradigan harakatlardan tiyilishi kerak. Bundan tashqari, har bir davlat xizmatchisi o‘zining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini ko‘rishi, tanqid uchun ta’qibga yo‘l qo‘ymasligi, asosli va konstruktiv tanqiddan o‘z faoliyatidagi kamchiliklar hamda nuqsonlarni bartaraf etish yo‘lida foydalanishi lozim.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda milliy urf-odat, qadriyat va an’analarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymaslik, jamoat joylarida — kafe, restoran va boshqa ko‘ngilochar maskanlarda o‘zini tutish qoidalariga rioya etish, atrofdagilarning e’tiborini tortuvchi ortiqcha va salbiy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka majbur.
Shuningdek, xizmat guvohnomalarini saqlash va foydalanish tartibiga qat’iy rioya etishi, ulardan xizmatga aloqador bo‘lmagan holatlarda foydalanmasligi, shu jumladan, vakolatli shaxslarga xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, mavqeini suiiste’mol qilmasligi lozim. Xizmat avtotransport vositalaridan xizmat faoliyatidan tashqari holatlarda shaxsiy va boshqa maqsadlarda foydalanmaslik majburiyatlari ham mavjud.
Seminarda adliya vazirligi vakili jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlarga oid odob-axloq qoidalari borasida ma’ruza qildi.
Seminarda so‘zga chiqqanlar mazkur qarorning ahamiyatiga to‘xtalib, davlat fuqarolik xizmatchilari belgilangan odob-axloq qoidalariga og‘ishmay amal qilishi davlat va jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladilar.
— bugungi seminarda davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha yanada batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldik, — deydi Abdulla Avloniy nomidagi milliy tadqiqot instituti matbuot kotibi Muyassar Jumaniyozova. — Har bir davlat fuqarolik xizmatchisi belgilangan odob-axloq qoidalariga amal qilgan holda faoliyat yuritsa, jamiyatda barqarorlik bo‘ladi. Masalan, jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlarda ham belgilangan tartiblar, odob-axloq qoidalari mavjud. Davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilishi, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga ko‘maklashishi kerak. Murojaatlarga 7 kun ichida javob qaytarishi lozim.
Tadbirda bu kabi targ‘ibot ishlarini muntazam olib borish, davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish xususida taklif-tavsiyalar bildirildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA