Davlat dasturidagi vazifalar ijrosi qanday?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2024 yil birinchi yarim yilligida bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti ham atroflicha muhokama qilindi.
Deputatlar Davlat dasturining partiya saylovoldi dasturi bilan hamohang bo‘lgan sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratdi.
Qayd etilganidek, hisobot davrida epidemiologik ko‘rsatmaga asosan 7 yoshgacha bolalarni qizamiqqa qarshi emlash uchun 2 mln. 95 ming doza qizamiq vaksinasi xarid qilinib, 1 yoshgacha bolalarni rejali emlash uchun 1 mln. 481 ming doza IPV vaksinasi muruvvat yordami sifatida respublika milliy vaksina omboriga olib kelingan. Shuningdek, respublika bo‘yicha 7 yoshgacha bo‘lgan 3 mln. 870 ming nafar bolalar o‘rtasida qizamiqqa qarshi epid ko‘rsatma bo‘yicha ommaviy emlash tadbirlari o‘tkazilgan.

Onkologik kasalliklarni erta aniqlash, o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirish va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish maqsadida 45-65 yoshdagi ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash va ularni ommaviy skrininglar bilan qamrab olish bo‘yicha 985 ming nafar ayollarda skrining tekshiruvlari o‘tkazilgan.

Muhokamalar davomida deputat Oydin Abdullayeva Dasturning 42-bandida madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish va ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish belgilangani, jumladan, ushbu maqsadda Samarqand shahridagi tarixiy yodgorliklar kiritilganligini aytib, ushbu yodgorliklarni ta’mirlash-tiklash ishlari boshlandimi, degan savol bilan mutasaddilarga yuzlandi.
Bunga javoban mutasaddilar ushbu masala yuzasidan yozma ravishda qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.
M.Komilova, O‘zA