Davlat dasturi loyihasi muhokamada
Andijon davlat universitetida “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasining mazmun-mohiyati va uni amalga oshirishga doir ustuvor vazifalarni keng jamoatchilikka yetkazishga bag‘ishlangan o‘quv- seminar bo‘lib o‘tdi.
Universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda talaba -yoshlar ishtirok etgan seminarda ma’ruzachilar tomonidan davlat dasturi loyihasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta yo‘nalishi, 2024 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, dasturning maqsad va vazifalari, uni amalga oshirishga doir ustuvor vazifalar bo‘yicha keng ma’lumot hamda tushunchalar berildi.
[gallery-15813]
– Loyihada joriy yil 1 martdan boshlab mahalla, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida xorijiy tillarni o‘rganishni targ‘ib etish bo‘yicha “Ibrat farzandlari” deb nomlangan musobaqalar, kibersport va “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkazilishi belgilanganligi men kabi barcha pedagoglarni quvontirdi, – deydi universitet birinchi prorektori Xurshidbek Xo‘jamberdiyev. – Ishonamanki, ana shu tadbirlar yoshlarimizning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, bilim va salohiyatlarini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Seminar so‘nggida ishtirokchilarga 2024 yilgi davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etish, bu boradagi taklif, fikr va mulohazalarni www.uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz veb-saytlari orqali bildirishi mumkinligi aytib o‘tildi.
Farmon loyihasi muhokamasi joriy yil 9 fevralga qadar davom etishi qayd etildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari