Davlat dasturi ijrosi qay darajada ta’minlanmoqda?
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi, O‘zbekiston XDP fraksiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishida “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturining o‘tgan 9 oy davomida bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.
– 2022 yilning 9 oyi davomida “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi doirasida har bir sohada qator ishlar amalga oshirildi, – dedi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar, jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari kotibiyati mudiri Sarvar Ashurov. – Xususan, mamlakatimiz eksport salohiyatini 22 foizdan yuqori ko‘rsatkich bilan o‘sishiga erishildi.
“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 208 ming gektar maydonda saksovulzor va yashil qoplamalar tashkil etildi. Bundan tashqari, joriy yilning bahor mavsumida jami 126,4 million dona mevali hamda manzarali daraxt va butalarning ko‘chatlari ekilgan. Shuningdek, joriy yilning kuz mavsumida yana 75 million dona manzarali va buta ko‘chatlari xamda qalamchalarini ekish rejalashtirilgan. Joriy yildagi moratoriy natijasida 306,8 ming tup daraxtlar kesilishining oldi olindi. Chiqindilar bilan ishlash yo‘nalishida 79 ta tuman va shaharlar xususiy sheriklarga biriktirilib, uning ulushi 52 foizga yetkazildi, 22 ta chiqindi poligonlari rekultivatsiya qilingan va 8 ta chiqindi poligoni faoliyati to‘xtatilgan. Aholini sanitar tozalash xizmati bilan qamrovi 93 foizga, chiqindilarni qayta ishlash 29,6 foizga yetkazilgan. Metallurgiya, yog‘-moy sanoati kabi 28 ta korxonalarning uskunalari ta’mirlandi, yangilandi. Natijada ulardan atmosferaga chiqariladigan gazlar miqdori kamayishiga erishildi. O‘tgan davrda aholini toza ichimlik suvi hamda oqova suv tarmog‘i bilan ta’minlash maqsadida barcha dasturlar doirasida respublika byudjetining 2,3 trillion so‘m mablag‘lari o‘zlashtirilib, uning hisobidan 378 ta inshootlar hamda 5,2 ming km ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilib, rekonstruksiya qilingan, – dedi ma’ruzachi.

Shuningdek, hukumat a’zosi o‘tgan davrda parlament a’zolari tomonidan Vazirlar Mahkamasiga 20 ta deputatlik so‘rovi, 193 ta masalada turli murojaatlar yuborilgani, 6 ta parlament so‘rovi amalga oshirilganini ta’kidladi.
Fraksiyalar a’zolari Davlat dasturining ijrosi yuzasidan qator savollar berdilar. Jumladan, O‘zXDP a’zosi Maqsuda Vorisova aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish masalasida murojaat qildi:
– Davlat dasturining 64-maqsadida hududlardagi mavjud ehtiyoj, aholining takliflarini inobatga olgan holda 2022-2023 yillarda 61 ta oilaviy poliklinikalar, 215 ta oilaviy shifokor punktlarini tashkil etish, aholiga sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida birlamchi tibbiy xizmatni mahallalarda tashkil etish uchun zarur choralarni ko‘rish, zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda aholiga masofadan turib tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish kabi vazifalar o‘z aksini topgan. Ammo joylardagi o‘rganishlarimizda ma’lum bo‘lyaptiki, ayrim hududlarda ushbu dasturiy vazifalar to‘liq bajarilmagan, mablag‘lar ajratilmay qolyapti. Bunga nima sabab bo‘layapti?
Deputatning bu savoliga moliya vazirligi mutasaddisi Davlat dasturi doirasidagi mablag‘lar ajratilganini, ammo hududlarda qurilish ishlari bilan bog‘liq jarayonlar, loyiha hujjatlarining o‘z vaqtida topshirilmagani natijasida ishlar orqada qolayotganini ma’lum qildi.

– Davlat dasturi doirasida 76 ta oilaviy poliklinika, 505 ta tibbiyot punkti tashkil etilgan, – dedi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov. – Ammo hududlarda mablag‘lar o‘z vaqtida ajratilmaganligi bois ochilishi belgilangan ayrim tibbiyot muassasalarining qurilish va ta’mirlash ishlari to‘xtab turibdi. Ayrimlari esa jihozlash ishlari to‘liq bajarilmaganligi sababli faoliyat boshlamagan. Bu borada vazirligimiz tomonidan ishchi guruhi tuzilgan holda o‘rganishlar olib borilmoqda. Yakunlanmagan ob’ektlar joriy yil yakuniga qadar hamda 2013 yilda oxiriga yetkaziladi.
Shuningdek, deputatlar kam ta’minlangan oilalar bilan manzilli ishlash tizimida inson omilini keskin kamaytirish, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan qiziqdilar. Bu borada hisobot davrida 133 ming 909 nafar xotin-qizlarning 78 ming 79 nafari mehnat organlari yo‘llanmasi asosida monomarkazlarda, 55 ming 830 nafari xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitilgan. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 598, 8 ming nafariga amaliy yordam ko‘rsatilgan.
XDP fraksiyasi a’zolari xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ishga joylashishiga ko‘maklashish uchun davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larning samarali sarflanishi masalasida hududlarda qator kamchilik va sustkashliklar kuzatilayotganini ta’kidlab, mazkur yo‘nalishni yanada takomillashtirish choralarini ko‘rish zarurati bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shuningdek, yig‘ilishda ta’lim tizimidagi muammolar, joylarda ayrim fan o‘qituvchilarining yetishmasligi, qog‘ozbozlik holatlari hamon mavjudligini ta’kidlab, e’tiroz bildirdi. Bu bo‘yicha tegishli vazirliklar mas’ullari javob qaytardi.
– Davlat dasturining 337 bandi joriy yilga mo‘ljallangan bo‘lib, 9 oy davomida 233 tasining ijrosi ta’minlangan, – deydi deputat Muxtor Hojimatov OAV vakillariga bergan intervyusida. – Qolgan bandlardagi 118 ta topshiriqlarni o‘z muddatida, sifatli ijrosini ta’minlash zarurligi aytib o‘tildi. Shuningdek, “Yashil makon” dasturi doirasidagi ishlarni sifatli bajarish, qurib qolgan ko‘chatlarning xarajatlarini qoplash bo‘yicha tegishli mutasaddilarga javobgarlik belgilash masalalarini o‘rtaga tashladik.
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng Davlat dasturining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti ma’qullandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA