Davlat dasturi 2026-yil islohotlarining bosh mezoni – har bir insonga munosib sharoit yaratish
So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan katta islohotlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2025-yil Davlat dasturida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan joylarda xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish grafigi ishlab chiqilib,tasdiqlandi. Natijada 139 396 nafar xotin-qiz o‘qishga jalb etildi. Ta’lim muassasalari, mahallalar va mehnat jamoalarida “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi amalga oshirildi. O‘tgan yilning avgust oyida “Mas’uliyatli ota-onalik” veb-sayti (https://masuliyatli-ota-onalik.uz/) va mobil ilovasi yaratildi. O‘z biznesini kengaytirish istagidagi xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalari qo‘llab-quvvatlash dasturi bo‘yicha hududlardagi 154 ta yirik tadbirkorning qiymati 23 milliard 254 million so‘m bo‘lgan tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqildi.

Amalga oshirilgan ijobiy ishlar davomi sifatida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 25-maqsadida oila va xotin-qizlarni qo‘llab quvatlash tizimini yanada kuchaytirish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda 200 nafar ko‘p bolali (to‘rt va undan ortiq), kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan ayollar bepul sog‘lomlashtiriladi. Xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, ular orasida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 124 254 nafar xotin-qizni kasb-hunarga, 210 242 nafarini tadbirkorlikka, 43 620 nafarini tadbirkorlikka o‘qitish ishlari rejalashtirilgan.
Shuningdek, 1 091 ta mahallada xususiy sektorlarni jalb qilgan holda xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlarini tashkil etish, axborot-texnologiya sohasida 100 ming nafar xotin-qizning savodxonligini oshirish, hududlarda xotin-qizlarni kasanachilik bilan band qilgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqish va ularning xorijiy davlatlarda tajriba almashishini tashkil etish vazifalari belgilangan.
Xotin-qizlar o‘rtasida “Hududning eng yaxshi 100 ta innovatsion loyihasi” tanlovini tashkil qilish, milliy merosni asrash, kashtachilik san’atini targ‘ib qilish, ishsiz ayollarni daromad topishga o‘rgatish, ko‘rgazmalarda ishtirok etishiga ko‘maklashish maqsadida kashtachi va dizaynerlar o‘rtasida “Ipak – kashta jilosi” respublika tanlovini o‘tkazish belgilab qo‘yilgan.
Davlat dasturida gender tengligi bo‘yicha amaldagi qonunchilik normalarini amaliyotga joriy etishda muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish vazifalari ham belgilangan.
Nilufar HUSANBOEVA,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Ijtimoiy sohadagi islohotlarni
monitoring va tahlil qilish bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA