Davlat Bobonov Fransiya klubining a’zosi bo‘ldi
Ma’lumki, Fransiyaning “Paris Saint-Germain” (PSG Judo) klubi dunyodagi eng nomdor sport klublaridan biri sanaladi. O‘zida erkaklar va ayollar futboli, erkaklar gandboli, kibersport turlarini jamlagan klubda 2017 yili dzyudo klubiga asos solgandi.
Shuningdek, klub tizimida boks va regbi guruhlari ham faoliyat ko‘rsatadi. Lekin ular hali xalqaro miqyosda “PSG” nomini himoya qilish darajasiga ko‘tarilmagan.
bugungi kunda tarkibida Teddi Rineri, Denis Viyeru, Alfa Djalo kabi jahonning eng nomdor dzyudochilarini jamlagan “PSG Judo” klubi hamyurtimiz, Tokio olimpiadasi bronza medali sohibi Davlat Bobonovni ham o‘z safiga qo‘shib oldi. deya xabar berdi O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati.

O‘z tarkibiga mashhur dzyudochilarni jamlagan “PSG Judo” Yevropa ligasida hamda Fransiya ichki musobaqalarida hamda jamoalar o‘rtasidagi yirik turnirlarda ishtirok etadi.
Endi Bobonov ushbu jamoa tarkibida klublar o‘rtasidagi Yevropa ligasida va boshqa nufuzli musobaqalarda Fransiya jamoasi sharafini himoya qilish asnosida o‘z mahoratini yuksaltirib boradi.
Eslatib o‘tamiz, hozirda “PSG Judo” tarkibi 19 nafar erkak va 9 nafar ayol sportchilardan iborat. O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, kuni kecha Davlat Bobonov “PSG Judo” tarkibida ilk bor Chexiyaning Praga shahrida o‘tgan jamoalar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida qatnashdi.
E’tiborlisi, qit’aning 13 ta erkaklar, 4 ta ayollar jamolari ishtirok etgan musobaqada “PSG Judo” klubi “Sent-Jenevev” jamoasini 4:1 hisobida yengdi. Ushbu bahsda hamyurtimiz Davlat Bobonov 90 kg vazn toifasida raqiblarini mag‘lub etgan holda jamoasining g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA