“Davlat auditi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlagan talabgorlardan milliy yoki xalqaro darajada tan olinadigan sertifikatlarga ega bo‘lish talab etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Davlat auditi sohasiga iqtidorli yoshlarni maqsadli yo‘naltirish, yetuk va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida” qaror qildi.
Unga muvofiq:
a) test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda ta’lim shakllarini tanlash jarayonida davlat oliy ta’lim tashkilotlarining “Davlat auditi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlagan talabgorlardan milliy yoki xalqaro darajada tan olinadigan quyidagi sertifikatlarga ega bo‘lish talab etiladi:
chet tili bo‘yicha - V2 va undan yuqori;
matematika fanidan - V va undan yuqori.
Ushbu sertifikatlarga ega abituriyentlar tegishlicha chet tili va matematika fanlari bo‘yicha test sinovlaridan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ozod etiladi hamda barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun majburiy bo‘lgan uchta fandan faqat ikkitasi - ona tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlarini topshiradi.
“Davlat auditi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
“Davlat auditi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishining o‘quv dasturlari dunyoning nufuzli Quacquarelli Symonds (QS) va Times Higher Education (THE) tashkilotlari reytinglarida sohalar bo‘yicha birinchi 300 talik ro‘yxatdagi oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilib, Hisob palatasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanishini ta’minlaydi;
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘rtasida “Davlat auditi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, ushbu yo‘nalish talabalari uchun yaratilgan sharoitlar, o‘qish davrida va o‘qishni tamomlagandan so‘ng taqdim etiladigan imkoniyatlar to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi.
Ma’lumot o‘rnida, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 18-dekabrdagi PF-252-son Farmoniga asosan:
a) iqtidorli yoshlarni davlat auditi sohasiga maqsadli yo‘naltirish, sohada ta’lim va ilmiy-tadqiqot integratsiyasini ta’minlash maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat iqgisodiyot universitetida ta’lim yo‘nalishi shaklida huquqiy maqomi oliy ta’lim tashkiloti fakultetiga tenglashtirilgan Davlat auditi oliy maktabi tashkil etilgan;
b) “Davlat auditi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qabul parametrlari amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida shakllantirilishi;
v) “Davlat auditi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishining o‘quv dasturlari dunyoning nufuzli Quacquarelli Symonds (QS) va Times Higher Education (THE) tashkilotlari reytinglarida sohalar bo‘yicha birinchi 300 talik ro‘yxatdagi oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilishi belgilangan edi.
O‘zA