Dashtobodda zamonaviy dehqon bozori
Jizzax viloyatining Zomin tumani Dashtobod shahrida yangi dehqon bozori foydalanishga topshirildi. 4,5 gektardan ziyod maydonni egallagan savdo majmuasini barpo etishda 7 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.
Jizzax viloyatining Zomin tumani Dashtobod shahrida yangi dehqon bozori foydalanishga topshirildi. 4,5 gektardan ziyod maydonni egallagan savdo majmuasini barpo etishda 7 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.Dashtobod mamlakatimizning zamonaviy va ko‘rkam shaharlaridan biriga aylanib bormoqda. 2011-yilda Dashtobod – Yangiyer temir yo‘lining qurilishi shahar infratuzilmasini yanada rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi. Qariyb 30 ming aholi istiqomat qilayotgan shahardagi umumta’lim maktablari, bolalar va o‘smirlar sport maktabi, kasb-hunar kollejida o‘quvchi-yoshlarning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi, jismonan chiniqishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Shaharda 3 yirik sanoat, 10 qurilish, transport, aloqa korxonasi, 200 dan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yilning oxirida yiliga 250 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega “Dashtobod sement” korxonasi ishga tushirildi.
Milliy va zamonaviy me’morchilik uslubida barpo etilgan “Dashtobod” dehqon bozorining foydalanishga topshirilishi shahar iqtisodini rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bozorning to‘rtta pavilyonida go‘sht, sut, tuxum va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari hamda xo‘jalik mollari sotishga mo‘ljallangan 360 savdo rastasi mavjud. Barcha inshootlar toza ichimlik suvi bilan ta’minlanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash ombori, avtomobil to‘xtash joyi qurilgani sotuvchi va xaridorlarga yanada qulaylik yaratmoqda.
– Amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi va hayotimizda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlarni shahrimiz misolida ham ko‘rish mumkin, – deydi mehnat faxriysi Haydar Abdurahmonov. – Yurtimizdagi farovonlikni yangi qurilgan bozorlarimiz yaqqol aks ettirib turibdi. Bu Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, tinchlik va osoyishtaligimiz mustahkamligining samarasidir.
O‘tgan yili Jizzax shahrida uchta yirik bozor majmuasi – “Markaziy dehqon bozori”, “Eski shahar dehqon bozori”, “Eski shahar buyum bozori” qaytadan qurilgan edi. Ayni paytda tumanlardagi 30 dehqon va buyum bozorini zamonaviy savdo majmualariga aylantirish ishlari davom ettirilmoqda.