Daraxtni ekish oson, uni parvarishlash qiyin (+video)
Bugun insoniyat global tahdid qarshisida turibdi. Bu — iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar. Uning asoratlari butun sayyoramiz aholisi salomatligiga jiddiy xavf solmoqda.
So‘nggi yillarda ekologik kun tartibi mamlakatimizda ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish hamda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish yo‘nalishlarida konsepsiya va strategiyalar qabul qilindi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida bir qator ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsad qilingan. Unga ko‘ra, kelgusida har yili 200 million tup daraxt ekish va respublikada yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, ekiladigan har bir daraxtni parvarish qilish va sug‘orish tizimini yaratish rejalashtirilgan. Mamlakat bo‘ylab, 1 ming 984 ta yashil bog‘ barpo etish, shu jumladan 112 ta yirik sanoat korxonasi tomonidan o‘z va tutash hududlarida uch yil davomida 30 million tup ko‘chatdan iborat “yashil belbog‘”lar barpo etish belgilangan.
Shuningdek, respublikada o‘rmon bilan qoplangan maydonlar 6,1 million gektarga yetkaziladi, daraxt va buta urug‘larini tayyorlash 840 tonnaga oshiriladi. O‘rmon fondining tog‘ va tog‘oldi hududlari plantatsiyalari yaratiladi. Cho‘l hududlarida o‘simliklar ko‘paytiriladi. Iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirining oldini olish uchun cho‘llanish, qurg‘oqchilik, chang-qum bo‘ronlari va haroratning ko‘tarilishiga qarshi chora sifatida jami 600 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” — himoya o‘rmonzorlari tashkil etiladi. Xavfli gidrometeorologik hodisalar to‘g‘risida barvaqt ogohlantirishlar darajasi 100 foizga, tog‘ daryolari oqimi prognozlarining ishonchliligi darajasi 98 foizga yetkaziladi.
Bir gektar maydondagi daraxtlar bir kecha-kunduzda 220-275 kilogrammgacha karbonat angidrid gazini yutib, 180-215 kilogramm kislorod ajratadi. Bu miqdor o‘rtacha 500 kishini kun davomida kislorod bilan ta’minlashga yetadi. Boshqacha aytganda, to‘rt tup daraxt bir kishining kislorodga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi.
Qayd etish lozimki, mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirila boshlaganiga 2 yil bo‘ldi. Shu davrda 1 ming 200 gektardan ortiq yashil bog‘ va istirohat bog‘lari, ko‘cha va yo‘laklar bo‘ylab 1 million gektardan ortiq yashil maydon barpo etildi.
Umid bilan yerga qadalgan nihol o‘sib azim daraxtga aylanishi uchun unga doimiy parvarish, eng muhimi, sug‘orish tizimi kerak bo‘ladi. Ekilgan har bir ko‘chat tuproqqa moslashib, ildiz olib ketgunicha yerning namligi yetarli bo‘lsa, bu ko‘zlagan natijaning yarmini naqd qilib beradi.
Obodonlashtirish bosh boshqarmasi Ko‘kalamzorlashtirish va irrigatsiya bo‘limi yetakchi mutaxassisi Alouddin Nizomovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chatlarni ekishda agrotexning tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi, sug‘orilishi, mineral ozuqalar bilan ta’minlanishi kabi ishlar bo‘yicha mas’ul xodimlar biriktirilgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/SbleKmYc5mc?si=przbgZX6Rj7NqfuX" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA