Daniyadan sakkizta medal bilan
Daniya poytaxti Kopengagen shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan jahon kubogining uchinchi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchtadan oltin va kumush, ikkita bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Daniya poytaxti Kopengagen shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan jahon kubogining uchinchi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchtadan oltin va kumush, ikkita bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, shu orqali o‘g‘il-qizlarimizni jismonan sog‘lom, kuchli iroda va yuksak intellektual salohiyatga ega insonlar etib tarbiyalash umummilliy harakatga aylandi. Buning samarasida deyarli har kuni o‘zbek sportchilarining xalqaro maydonlarda erishayotgan yuksak g‘alabalariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Vatanimiz sha’nini himoya qilishdek ezgu maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga astoydil bel bog‘lagan hamyurtlarimizning bunday ulkan yutuqlari har birimizga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi. Beixtiyor ularning mahorati, salohiyati va shijoatiga tasanno aytgimiz keladi.
Kopengagen shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan jahon kubogining uchinchi bosqichida dunyoning 35 davlatidan eng mohir eshkakchilar g‘oliblik uchun bahslashdi.
Nufuzli musobaqaning 500 metrga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha juftliklar bahsida hamyurtlarimiz – ikki karra jahon chempioni Vadim Menkov va tajribali sportchimiz Serik Mirbekov marraga birinchi yetib kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. V.Menkov va S.Mirbekov 1000 metr masofaga eshkak eshish bo‘yicha ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, mahorat bobida tengsiz ekanini yana bir karra isbotladi. Ushbu juftlik 200 metrga o‘tkazilgan bahslarda ikkinchi o‘rinni egalladi.
Terma jamoamiz hisobiga yana bitta oltin medalni o‘n yetti yoshli iqtidorli sportchimiz Dilnoza Rahmatova keltirdi. U xotin-qizlar o‘rtasida 200 metr masofaga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha yakkaliklar poygasida raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Eslatib o‘tamiz, Dilnoza Germaniyaning Duysburg shahrida jahon kubogining ikkinchi bosqichida 500 metrga o‘tkazilgan yakkaliklar bahsida kumush va jamoadoshi Nilufar Zokirova bilan hamkorlikda 200 metrga juftlik bahslarida bronza medal bilan taqdirlangan edi.
Yana bir tajribali kanoechimiz Gerasim Kochnev 1000 metrga o‘tkazilgan yakkalik bahslarida kumush, 5000 metrga o‘tkazilgan musobaqada bronza medalni qo‘lga kiritdi.
200 metrga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida Nilufar Zokirova ikkinchi, erkaklar o‘rtasidagi 500 metr masofaga baydarkada eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada Aleksey Mochalov uchinchi o‘rinni egalladi.