Dam olish kunlari tog‘li hududlarga qo‘shimcha transport qatnovlari yo‘lga qo‘yilmoqda
Yoz faslida tog‘ bag‘rida hordiq chiqarishni istaganlar soni ortib, Bo‘stonliq tumanidagi turistik maskanlarga bo‘lgan talab ham sezilarli darajada oshadi.
Ayniqsa, dam olish va bayram kunlari Chorvoq, Chimyon, Amirsoy hamda Beldersoy yo‘nalishlarida yo‘lovchilar oqimi ko‘payadi. Shu munosabat bilan aholi va sayyohlar uchun qo‘shimcha transport qatnovlari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Tog‘li hududlarga jamoat transporti orqali borish imkoniyatini kengaytirish, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish va dam olish maskanlariga yetib borishni osonlashtirish maqsadida 324M va 325M-sonli “Chinorkent temir yo‘l bekati – Beldersoy” mikroavtobus yo‘nalishlarida qatnovlar soni oshiriladi. Mazkur yo‘nalishlar Amirsoy va Chimyon orqali harakatlanadi. Oddiy kunlarda ushbu yo‘nalishlarda 20 ta mikroavtobus soat 06:00 dan 18:30 gacha har 15 daqiqada harakat qiladi. Kun davomida jami 86 ta qatnov amalga oshiriladi.
Dam olish, bayram va qo‘shimcha dam olish kunlarida esa yo‘lovchilar ehtiyoji inobatga olinib, transport harakati yanada kuchaytiriladi. Bunda qatnovlar soat 05:30 dan boshlanib, mikroavtobuslar har 10 daqiqada harakatlanadi. Xususan, 324M-yo‘nalishda qatnovlar soat 22:06 gacha, 325M-yo‘nalishda esa soat 22:00 gacha davom etadi. Shuningdek, harakat tarkibi 324M-yo‘nalishda 15 tagacha, 325M-yo‘nalishda 16 tagacha oshiriladi. Natijada mazkur ikki yo‘nalish bo‘yicha kunlik qatnovlar soni 158 taga yetkaziladi.
Bundan tashqari, Toshkent shahri bilan Bo‘stonliq tumani o‘rtasida harakatlanuvchi 1226-sonli “Mashinasozlar metro bekati – Xumson qo‘rg‘oni (Chorvoq)” avtobus yo‘nalishida ham qo‘shimcha choralar ko‘riladi. Hozirda ushbu yo‘nalishda 3 ta avtobus muntazam ravishda xizmat ko‘rsatmoqda.
Dam olish va bayram kunlarida yo‘lovchilar oqimi oshishiga qarab, yana 1 ta avtobus zaxiraga chiqariladi. Bu esa Chorvoq va uning atrofidagi hududlarga boruvchi aholi hamda sayyohlar uchun transportdan foydalanish imkoniyatini yanada yaxshilaydi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, turistik hududlarga jamoat transporti qatnovlarini ko‘paytirish nafaqat yo‘lovchilarga qulaylik yaratadi, balki dam olish maskanlariga shaxsiy avtomobillarda boruvchilar oqimini kamaytirish, yo‘llarda tirbandliklarning oldini olish va turistik hududlarda transport harakatini tartibga solishga ham xizmat qiladi. Shu tariqa, dam olish kunlarida Bo‘stonliqning tog‘li hududlariga sayohat qilishni rejalashtirayotganlar uchun ertalabki va kechki vaqtlarda ham jamoat transportidan foydalanish imkoniyati kengaymoqda. Bu esa aholi va mehmonlarning tog‘ maskanlarida mazmunli hordiq chiqarishi uchun yana bir qulaylikdir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA