Daladan to‘g‘ri jahon bozoriga
Yangiyo‘l tumani dehqon bozori erta tongdan gavjum. Rastalardagi bir-biridan sarxil meva-sabzavotlar ko‘zni quvnatadi. Marjonday tovlanib turgan turfa rang olmaning taxini buzging kelmaydi. Yangi olma pishib qoldiyu o‘tgan yilgi hosil yangiday turibdi.
Yangiyo‘l tumani dehqon bozori erta tongdan gavjum. Rastalardagi bir-biridan sarxil meva-sabzavotlar ko‘zni quvnatadi. Marjonday tovlanib turgan turfa rang olmaning taxini buzging kelmaydi. Yangi olma pishib qoldiyu o‘tgan yilgi hosil yangiday turibdi.– Bozor to‘kinligiga qarab, yurt obodligiyu el ma’murchiligiga baho beradilar, – deydi G‘anisher ota. – Bugun uzib olinganday sarxil bu olmalar o‘zimizning bog‘dan. Fermer o‘g‘lim yetishtirgan. Maxsus ombor – muzlatkichda saqlangan.
Otaxonning so‘zlarida hech bir sinoat yo‘q. Barchasi oddiy – fermer Prezidentimiz rahnamoligida yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalanmoqda, xolos.
– Ilgari olmani yanvar oyining oxiriga qadar zo‘rg‘a yetkazar edik, – deydi G‘anisher ota. – Ko‘pincha mevaning sifati buzilib, isrof bo‘lar edi. Bahorning birinchi kuni otamning sandiqda antiqa usulda saqlagan oxirgi olmalarini qo‘ni-qo‘shni bilan baham ko‘rardik.
– Men ham “sandiq olma”ning mazasini totgan nabiralardanman, – deydi sotuvchi Ilhom aka rastadagi “besh yulduz”dan birini qarsillatib ikkiga bo‘lar ekan. – O‘sha paytlarda suvi qochgan olma ham juda mazali tuyulardi. Ba’zi oilalar, ikki-uch “sandiq”ni qish bo‘yi saqlab, so‘ng bozorga olib chiqardi. Narxi ham uch-to‘rt hissa qimmat bo‘lardi-da. Gapning qisqasi, meva-chevaning narxida bugungiday barqarorlik yo‘q edi...
Ushbu suhbat bolaligimni, rahmatli bobomning hikoyalarini yodga soldi.
...Bobomning hovlisi qishloqning adog‘ida bo‘lganidan yog‘ingarchilikda ariq suvi toshib ketardi. Atrofi bog‘-rog‘ bo‘lsa-da, oqar suv chiqmaydigan tap-taqir kenglik.
Rahmatli bobomning aytishicha, o‘sha kenglik bir paytlar kolxozningmi, sovxozningmi yon-atrofdagi bog‘lardan uzilgan meva-chevani to‘plab rayon markaziga yuboradigan maydonchasi bo‘lgan. Qo‘lbola usulda yasalgan yashiklarga joylangan meva haftalab oftobda qolib ketgan, qanchasi shu yerning o‘zida nobud bo‘lgan. Bundan bog‘bonlar har qancha og‘rinmasin, shundan nariga o‘tolmagan. Axir “davlatning mulki” bo‘lsa, uni beruxsat oftobdan yo sovuqdan asrab bo‘ladimi? Uyga olib kirishni-ku, xayolga ham keltirib bo‘lmasdi...
...Hozir o‘sha kenglikda bunyod etilgan olmazor to‘kis manzara kasb etgan. Tomchilatib sug‘oriladigan bu bog‘ning bir yillik daromadidan mashina sotib olayotgan, elga to‘y berayotgan Sulaymon akaga havasingiz keladi. O‘tgan yili xususiy omboriga sig‘magan ortiqcha hosilni tuman markazidagi zamonaviy muzlatkichga joylabdi...
Prezidentimizning 2006-yil 11-yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasini isloh qilish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Toshkent viloyatida ham meva-sabzavot va uzum yetishtirish, uni qayta ishlash hamda eksport qilish bo‘yicha salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda o‘tgan yili 2 million tonnadan ortiq sabzavot, 400 ming tonna kartoshka, 200 ming tonnadan ziyod meva, qariyb 170 ming tonna uzum yetishtirilgan.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yangi bosqichda davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda Toshkent viloyatidagi 32 ming 354 gektar bog‘ning 4 ming 561 gektari intensiv bog‘lardir. Hududda faoliyat yuritayotgan 9 ming 400 dan ortiq fermer xo‘jaligining 3 ming 400 dan ziyodi bog‘dorchilik va uzumchilik, 350 ga yaqini sabzavot va polizchilikka ixtisoslashgan. Yetishtirilgan mahsulotni sifatli va uzoq muddat saqlash uchun hududda 142 omborxona, 76 muzlatkich barpo etilgan.
Meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar soni ham yildan-yilga ko‘payib, ayni paytda ular 70 dan oshdi.
Viloyatda o‘z mahsulotini o‘zi qayta ishlab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri chetga eksport qilayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari talaygina. Bunday xo‘jaliklar safini yanada kengaytirish, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar bilan atroflicha tanishtirish maqsadida barcha tumanlarda fermer xo‘jaliklari rahbar va ishchilari o‘rtasida seminarlar tashkil etilmoqda. Sohaga doir savollar, muammoli holatlar bilan murojaat qilgan xo‘jalik vakillariga tuman hokimliklari, viloyat fermerlar kengashi va savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi mutaxassislari zarur maslahat va tavsiyalar bermoqda.
– Joriy yilning birinchi choragida yuzdan ortiq fermer huquqiy, moliyaviy-iqtisodiy va boshqa yo‘nalishlarda maslahat so‘rab murojaat qildi, – deydi viloyat fermerlar kengashining shartnomaviy-huquqiy munosabatlar bo‘yicha bosh mutaxassisi Sotvoldi Xurramov. – Har bir savolga atroflicha javob qaytarildi. Meva-sabzavot va bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari o‘z mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilishga harakat qilayotgani quvonarlidir. Sohada hali tajribasi kam qishloq mulkdorlari eksportning o‘ziga xos tartiblari bilan tanishishi lozim. Chunki mahsulot vaqtida yig‘ib olinishi, yaxshi saqlanishi, qadoqlanishi va xaridorga sifatli yetkazilishi o‘ta muhim. Buning uchun zamonaviy infratuzilma, yaxlit kompleks zarurligini ular yaxshi bilishadi.
Darhaqiqat, bugungi fermer ishbilarmon bo‘lmasa, o‘z haq-huquqini yaxshi bilmasa, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanmasa raqobatga dosh berolmasligi, zamondan ortda qolishi hech gap emas.
– Prezidentimizning shu yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 2016-yilgi hosildan boshlab meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasining joriy etilishi dehqon va fermerlarning manfaatdorligini oshirish, mahsulotni sifatli qayta ishlash va saqlash, bozorga raqobatbardosh mahsulot chiqarish imkoniyatini yanada kengaytiradi, – deydi Piskent tumanidagi “Zafar sarbon” fermer xo‘jaligi rahbari Ermat Qodirov. – Meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan xo‘jaligimizning umumiy yer maydoni 20 gektar. Uzum, olxo‘ri, yong‘oq va sabzavotlarni qayta ishlaymiz. Bugun meva pyurelari, tomat pastasi, sharbat, muzlatilgan meva va yana 20 dan ortiq tabiiy toza mahsulotni ichki bozordan tashqari chet davlatlarga eksport qilmoqdamiz.
Xo‘jalik o‘tgan yili eksportdan 40 ming dollar daromad ko‘rdi. Prezidentimiz qaroridan ruhlangan xo‘jalik ishchilari joriy yilda ish samaradorligini yanada oshirish, 125 ming dollar daromad olishni maqsad qilgan.
Endigina tosh bosa boshlagan uzum va olxo‘riga qarab hosildorlikni oldindan chamalaydigan fermer suhbatni olxo‘rizorda davom ettirishni taklif qiladi.
– Yurtimizning tuprog‘i zar, quyoshi saxovatli. Lekin shuni unutmaslik kerakki, zamin unga mehr bergan, har qarichini qadrlagan, mehnatini ayamagan dehqonnigina siylaydi, – deb, bizni bog‘ qator oralariga ekilgan baqlajon, bulg‘or qalampiri, turli ko‘katlar tomon boshlaydi. – Bu usulni dehqonchilik va bog‘dorchilikning uyg‘unlashuvi deyishadi.
Fermerning bu fikrlari viloyatning boshqa bir tumanida tashkil qilinayotgan yana bir yangi bog‘ haqida so‘zlashimizga turtki bo‘ldi.
Aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida Bo‘stonliq tumanida faoliyat olib borayotgan “Dilshod Agroimpeks” fermer xo‘jaligining bir gektardan ziyod yeriga 300 tupdan ortiq pista ko‘chati ekildi. Biz ham o‘sha xayrli tadbirda ishtirok etdik.
– Tumanimizda 5 ming 300 gektardan ortiq bog‘ bor, – degan edi o‘shanda xo‘jalik rahbari Dilshod Shoumarov. – Biz mana shu 10 gektarlik tashlandiq maydonni chiqindidan tozalab, bog‘ning kengayishiga hissa qo‘shmoqchimiz. Tomchilatib sug‘oriladigan intensiv bog‘imizning 2 gektariga olma, gilos ko‘chatlari ekdik. Notekis yerlarga pista ko‘chati ekayapmiz. Suvsizlikka chidamli bu daraxtlar kelgusida nafaqat yaxshi hosil beradi, balki yerning tuzilishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Sizga yana bir gapni aytay, kelajakda bu yer nafaqat bog‘ bo‘ladi, balki xorijiy sayyohlarni jalb qiladigan agroturizm maskaniga ham aylanadi. Chunki qishloq xo‘jaligida xorij tajribasini o‘rganish jarayonida pista, bodom, uzum, olma kabi bir-biridan totli mevalarning qanday yetishtirilishi bilan qiziquvchi sayyohlar ko‘pligiga amin bo‘ldim. Xullas, bu yerda qishloq xo‘jaligi, turizm va agrosanoatni uyg‘unlashtirishni rejalashtirganmiz. Buning uchun bizda barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud.
Ha, bugun yurtimizning qay bir hududida bo‘lmang, orzulari, rejalari mushtarak qishloq mulkdorlarini ko‘rasiz. Ularni bir maqsad – Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samaradorligiga hissa qo‘shish, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishdek olijanob rejalar birlashtiradi.