COVID-19: Ispaniyada ahvol hamon jiddiy
Bugungi kunga kelib koronavirus deyarli butun dunyoni qamrab oldi, “yetakchilik” allaqachon Xitoydan boshqa mamlakatlarga oʻtdi.
Ayni kunlarda butun dunyoni larzaga solgan va “toʻxtash”ga majbur qilgan yangi turdagi koronavirus pandemiyasi kun sayin yangidan yangi raqamlar bilan insoniyatga gʻulgʻula solmoqda.
Qoʻrqinchli statistika
Bugungi kunga kelib koronavirus deyarli butun dunyoni qamrab oldi, “yetakchilik” allaqachon Xitoydan boshqa mamlakatlarga oʻtdi.
2-aprel holatiga koʻra virus yuqtirganlar soni boʻyicha AQSH birinchi oʻrinni (215 mingdan ortiq), Italiya ikkinchi oʻrinni (110 ming 574) hamda Ispaniya uchinchi oʻrinni (110 ming 238 kishi) “egallagan”.
Yevropa qitʼasi boʻyicha Italiya va Ispaniyada ahvol hamon jiddiy. Oxirgi 24 soat mobaynida Italiyada 4 ming 700 dan ortiq bemor aniqlangan, 727 kishi halok boʻlgan. Oʻlim soni boʻyicha Ispaniya nafaqat Yevropa, balki dunyoda yetakchilik qilmoqda. 1-aprelning oʻzida mamlakatda 8 ming 100 dan ortiq kasallik aniqlanib, 950 kishi vafot etgan.
Ispaniya sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga koʻra, shu kungacha mamlakatda 10 mingdan ziyod kishi koronavirusdan oʻlgan. Shu kecha-kunduzda mamlakat shifoxonalarida 4 ming 96 kishi davolanib chiqqan. Jami 26 ming 743 nafar kishi sogʻayib uyiga qaytgan.
Muloqotsevarlik ispanlar “boshiga balo” boʻldi
Dunyo xalqlar madaniyati, turmush tarziga qiziquvchilar Yevropaning boshqa mamlakatlariga qaraganda italyan va ispanlarning quvnoq, qiziqqon, odamoxun ekanini yaxshi biladi. Oddiy ovqatlanish tarzi ham boshqa yevropaliklarga oʻxshamaydigan ispanlar koʻchalarda, gavjum joylardagi kafe va yemakxonalarda koʻpchilik boʻlib, doʻstlar davrasida ovqatlanishni xush koʻrishadi. Bu ikki mamlakatda odamlarning soatlab gaplashib oʻtirishini, sayr qilishini, soʻzlashganda bir-birini tez-tez quchoqlab qoʻyishini kuzatish qiyin emas.

Hazilning vaqti emas...
Har narsadan kulgi, hazil-mutoyiba, xursandchilik axtaradigan ispanlar karantinning ilk kunlarida turli chellenjlar uyushtirdi. Yaʼni maʼlum bir soatda balkonlarga chiqib qoʻshiq aytish, qarsak chalib qiyqirish, “koronavirusni yengamiz“ deb qichqirishga berildi...
Hatto shahar politsiyasi karantinda oʻtirganlar koʻnglini koʻtarish uchun koʻchalarga kelib raqsga tushgani, odamlarning oʻzlari ishtirokidagi hazilomuz videolar ijtimoiy tarmoqlarni “portlatdi”.
Ammo bugunga kelib taqdir ana shu quvnoq, musiqa-yu raqs shaydosi boʻlgan xalqni ham jiddiy qilib qoʻydi, qoʻrquv tillarni “muzlatdi“.
Endi odamlar ijtimoiy tarmoqlar orqali hukumatga murojaat qilib, Germaniya va Janubiy Koreya tajribasini qoʻllagan holda koronavirusga odamlarni ommaviy tekshirishni talab qilishmoqda.
Karantin choralari shafqatsiz
Ispaniyaning yirik megapolislari Madrid va Kataloniya hamon infeksiya oʻchogʻi boʻlib qolmoqda. Karantin tartibi esa oʻta qattiq, hech kimga shafqat qilinmayapti. Ayniqsa, Barselonada jazo kuchaytirilgan. Karantin qoidalarini buzganlarga oltmish ming yevrogacha jarimaga tortish yoki 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi mavjud.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Ispaniya hukumati joylashgan Gran Via koʻchasi, mamlakatning eng gavjum goʻshalari huvullab qolgan. Mashinalar qatnoviga butkul cheklangan. Koʻchalarda onda-sonda odam uchraydi. Piyodalar aynan qayerga ketayotgani koʻrsatilgan “yoʻl varaqasi”ni toʻldiribgina koʻchaga chiqishi mumkin. Bu ham oʻta zarur hollarda dorixona yoki doʻkonga chiquvchilar uchun”, degan izohlar qoldirilmoqda.

Virus tufayli ishsizlik muammosi paydo boʻldi
COVID-19 bilan kurashilar ekan, asosiy maqsad infeksiya tarqalishini toʻxtatish, odamlar hayotini saqlab qolish boʻlib turibdi. Ammo bu virus osonlikcha chekinadi, degani emas.
Ispaniya mehnat vazirligi maʼlumotiga koʻra, “tojdor virus” mart oyi oxirigacha qariyb 834 ming ish oʻrni yoʻqotilishiga, ishsizlar soni ortishiga sabab boʻlgan. Bu mamlakat tarixidagi eng katta koʻrsatkich hisoblanadi. Mart oyining oʻzida jami 302 mingdan ziyod kishi ishsizlik kompensatsiyasini olish uchun murojaat qilgan.
Davlat bandlik xizmati mart oyida ariza topshirganlar bilan qoʻshib hisoblaganda mamlakatda jami 3,54 million ishsiz paydo boʻlganini taʼkidlamoqda.
Koronavirus tufayli yuzaga kelgan ishsizlik muammosi, ayniqsa, qurilish, mehmonxona biznesi, xizmat koʻrsatish, taʼlim, transport va umumiy ovqatlanish sohalariga toʻgʻri kelmoqda.
Mehnat vazirligi COVID-19ga qarshi kurashish maqsadida 258 mingdan ziyod kishi vaqtinchalik ish bilan taʼminlangani ham qayd etgan.
Avtonom hududlar boʻyicha eng koʻp ishsizlik Andalusiya, Kanarias, Mursiya hamda Valensiyada vujudga kelgan.
Bugungi kunga qadar Ispaniyada eng kuchli ishsizlik 2009-yilga toʻgʻri kelib, oʻsha vaqtda 198 mingdan ortiq kishi ish oʻrnini yoʻqotgan edi.