Chorvachilikdagi qonun buzilishlarga chora ko‘rilmoqda
Uchquduq tumani viloyat markazidan qariyb 330 kilometr olisda joylashgan bo‘lib, aholining asosiy qismi chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Tumanda chorvachilik yo‘nalishida jami 120 ta sub’ekt faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, shundan 98 tasi qo‘ychilik, 5 tasi qoramolchilik, 6 tasi yilqichilik, 7 tasi tuyachilik, 2 tasi parrandachilik va yana shunchasi baliqchilik yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi.
Mavjud sub’ektlarda jami 1 ming 202 bosh yirik shoxli mol, shundan 507 bosh sigir, 68 ming 897 bosh mayda shoxli mol, 1 ming 382 bosh ot, 870 bosh tuya va 3 ming 390 bosh parranda parvarish qilinmoqda.
– Sifatli go‘sht va sut mahsulotlari yetishtirish e’tiborda, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. – Ayni paytda Inspeksiya tuman bo‘limi tomonidan sohani yanada rivojlantirish, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida qator nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Shuningdek, chorvachilik yo‘nalishi yuzasidan farmon va qarorlar mazmun-mohiyati yuzasidan profilaktik tadbirlar ham o‘tkazilib, qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ma’lumotlar berilmoqda.
Joriy yil o‘tgan davri mobaynida chorvachilikda naslchilik ishlari to‘g‘risidagi va boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan Inspeksiya tuman bo‘limi tomonidan jami 91 ta nazorat tadbiri o‘tkazilgan.
– Tadbirlar davomida 92 ta qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi, – deydi “O‘zagroinspeksiya” tuman bo‘limi katta inspektori Feruz Boynazarov. – Xususan, shundan 74 tasi qo‘ychilik, 5 tasi qoramolchilik, 6 tasi yilqichilik, 7 tasi tuyachilik yo‘nalishlarida aniqlangan xato va kamchiliklardan iborat. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ogohlantirish xatlari, bajarilishi shart bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, qonun buzilishini bartaraf etish uchun tegishli tashkilot va hokimliklarga 5 ta taqdimnoma kiritildi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 sentyabrdagi “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizom bandlarida ko‘rsatilgan talablar bajarilishi yuzasidan inspeksiyaning tuman bo‘limi tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmalarga rioya qilmagan tegishli tashkilotlarning chorva bo‘yicha mas’ul ikki nafar xodimiga nisbatan to‘plangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun tuman sudiga yuborilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA