Chorva salomatligi – oziq-ovqat xavfsizligi kaliti (+video)
Aholi salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligi chorva mollarining sog‘lomligiga bog‘liq. Buni ta’minlash uchun fermalardan xonadonlargacha qamrab olingan, xalqaro standartlarga asoslangan veterinariya nazorati tizimi ishlamoqda.
Aholi dasturxoniga yetib boradigan go‘sht va go‘sht mahsulotlarining xavfsizligi – sog‘lom turmush tarzining asosi. Yuqori sifatli mahsulot tayyorlanishi xavfsiz muhitdan boshlanadi. Shu maqsadda chorvachilik xo‘jaliklarida va aholi xonadonlarida tizimli veterinariya tadbirlari yo‘lga qo‘yilgan. Mavsumiy nazorat nafaqat yirik chorvachilik komplekslarini, balki aholi xonadonlaridagi uy hayvonlarini ham qamrab oladi. Bu jarayonda chorva mollari emlanib, zaruriy veterinariya ko‘rigidan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, joriy yilda Jahon banki ko‘magida yirik shoxli qoramollarning identifikatsiya tizimi joriy etilmoqda. Ushbu tizim hayvonlar haqidagi ma’lumotlarni yagona bazada jamlab, epizootik holat ustidan samarali nazorat o‘rnatish imkonini beradi.
–Hozirgi kunda qoramolchilikda yashur, nodulyar dermatit, kuydirgi kasalligiga qarshi profilaktik emlash tadbirlari o‘tkazilyapti, – deydi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassisi Hojiakbar Otaboyev. – Hayvon turiga xos kasalliklarga qarshi profilaktik tadbirlar reja-grafik asosida amalga oshirib kelinmoqda. Toshkent viloyatida 128 ta veterinariya uchastkalarida 404 nafar veterinariya mutaxassislari emlash tadbirlarini olib boryapti. Ro‘yxatga olish bilan birgalikda quturish kasalligiga qarshi ham emlash ishlari davom etyapti.
Mavsumiy tadbirlar doirasida xorijdan keltirilgan chorva mollariga alohida e’tibor qaratiladi. Masalan, tadbirkor Diyor G‘aniyev boshqaruvidagi korxonada Yevropa davlatlaridan olib kelingan qoramollar parvarishlanib, kuniga 4.5-5 tonna sut ishlab chiqarilmoqda. Bunday xo‘jaliklarda sanitariya-epidemiologik me’yorlarga qat’iy rioya qilinishi mahsulot xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassisi Hojiakbar Otaboyevning ta’kidlashicha, hayvonlar salomatligi — faqat chorvachilik sohasining o‘zi bilan bog‘liq masala emas. U oziq-ovqat xavfsizligi va aholi salomatligiga ta’sir ko‘rsatadigan muhim omildir. Shu bois mavsumiy veterinariya tadbirlari doirasida turli kasalliklarga qarshi emlash va dezinfeksiya ishlari o‘z vaqtida tashkil etilishi katta ahamiyatga ega.
Ushbu tizimli chora-tadbirlar – chorva mollari sog‘lig‘ini ta’minlash bilan birga, pirovardida aholining oziq-ovqat xavfsizligi va umumiy salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sanjar Toshpo‘latov,
Anvar Ahmedov,
O‘zA