CHorva mollari egalariga qaytarilmoqda
“Sardoba” suv ombori toshqini natijasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi bir nechta aholi yashash xonadonlariga jiddiy zarar yetdi.
“Sardoba” suv ombori toshqini natijasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi bir nechta aholi yashash xonadonlariga jiddiy zarar yetdi.
Ushbu jiddiy zarar koʻrgan 10 ta mahalla aholisining asosiy qismi haliyam vaqtinchalik yashash joylarida istiqomat qilmoqda. Evakuatsiyadagi fuqarolar uchun ushbu vaqtinchalik turar-joylarda yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Falokat sodir boʻlgan, joriy yilning 1-mayidan buyon aholi xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash hamda sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarni oldini olish maqsadida respublika Ichki ishlar vazirligining Sirdaryo viloyati hamda qoʻshni viloyatlar ichki ishlar boshqarmalaridan bir guruh xodimlar jalb etilgan.
Suv toshqini natijasida jabr koʻrgan qishloqlarning xonadonlardagi koʻplab uy hayvonlari nobud boʻlib, ayrim fuqarolarning chorva mollari esa har tarafga tarqab ketgan.

Sardoba, Oqoltin hamda Mirzaobod tumanlariga biriktirilgan ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan talafot koʻrgan hududlardagi aholining jami 4 ming 405 bosh qarovsiz yurgan chorva mollari IIB xodimlari tomonidan topilib, egalari aniqlanguniga qadar belgilangan joylarda saqlanmoqda. Shu kunga qadar ushbu chorva mollarining 3 ming 305 boshi ichki ishlar xodimlari tomonidan kimlarga tegishliligi aniqlanib, oʻz egalariga qaytarildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi IIV, Sirdaryo viloyati IIB va Sardoba tumani IIB JQB tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari samarasida Sardoba tumani Yurtdosh mahallasi hududidagi dala maydonida qarovsiz yurgan 66 bosh qoramol hamda 53 bosh qoʻy topilib, egalari aniqlangunga qadar Sardoba tumani Birlik mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi chorva fermasiga saqlash uchun joylashtirildi.

Chorva mollari saqlanayotgan maydonda toʻsiq postlar tashkil qilinib, chorva mollarini olib ketayotgan har bir yuk mashinasi va piyodalar qatʼiy nazoratdan oʻtkazilib, ushbu mulk aynan shu fuqaroga tegishli ekanligi sinchiklab oʻrganilib, ushbu jarayon foto va video tasvirga olinmoqda va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgandan soʻnggina chorva mollari oʻz egalariga qaytarilmoqda. Bu orqali chorva mollari va boshqa narsa-buyumlar tuman hududidan noqonuniy olib chiqilishining oldi olinayotir.
Yuqorida keltirib oʻtilgan holatlar yuzasidan ichki ishlar xodimlari tomonidan qidiruv va aniqlash ishlar davom ettirilmoqda.