Chortoqda yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Chortoq tumanida transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda.
Xususan, D–111 avtomobil yo‘lining 15–16-kilometrlarida temir yo‘l ustidan o‘tgan ko‘prikni to‘liq qayta qurish ishlari olib borilmoqda. 1974-yilda barpo etilgan mazkur ko‘prik Uychi va Chortoq tumanlarini bog‘lovchi muhim transport inshootlaridan biri hisoblanadi.
[gallery-31795]
Qiymati 36 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida zamonaviy muhandislik talablari asosida har ikki yo‘nalishda ikkitadan harakat tasmasiga ega, jami to‘rt tasmali yangi ko‘prik barpo etilmoqda. Shuningdek, piyodalar harakati uchun alohida yo‘laklar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlari «Romitan Trans yo‘l qurilish» MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda.
Tumanda Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «O‘rta shaharlarni rivojlantirish» loyihasi doirasida Furqat nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish ishlari ham davom etmoqda.
Umumiy qiymati 34 milliard 854 million so‘m bo‘lgan ushbu loyiha doirasida bog‘ hududi kengaytirilib, zamonaviy landshaft yechimlari, yoritish tizimi, bolalar va yoshlar uchun attraksionlar, dam olish hamda sayr maydonlari barpo etilmoqda.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi Chortoq tumanining transport va ijtimoiy infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholi uchun qulayliklarni kengaytirish, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish, shuningdek, hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA