Chora-tadbirlar dasturi muhokamasi
Parlament quyi palatasi Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
Parlament quyi palatasi Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi tashkiliy majlisi va Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi ma’ruzalari hamda Oliy Majlisga Murojaatnomasining mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganish, ularda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda parlamentning ishtirokiga doir masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining ma’ruzalarida hamda Murojaatnomasida 2019 yilda yurtimizda amalga oshirilgan ishlar chuqur tahlil qilindi, 2020 yil va kelgusi davrda mamlakatimizni taraqqiy ettirishga doir ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Prezidentimiz siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy jihatdan strategik ahamiyatga ega, jamiyatimiz hayotini, fuqarolarimizning farovon turmushini ta’minlashga doir muhim masalalarga e’tibor qaratish asnosida bu borada yangi O‘zbekistonning yangi shakllangan parlamenti oldiga ham qator mas’uliyatli vazifalarni qo‘ydi.
– Prezidentimizning ma’ruzalarida hamda parlamentga Murojaatnomasida belgilangan har bir vazifa mamlakatimizning muayyan sohadagi rivojini yanada jadallashtirishga xizmat qiladi, — dedi O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov. – Shu bois, biz partiyamiz pozitsiyasidan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining chora-tadbirlar dasturi loyihasini dastlab fraksiyamizda batafsil muhokama qildik. Bugungi yig‘ilishda ham uni takomillashtirish maqsadida bir qator takliflarimizni berdik. Maqsadimiz mazkur hujjat yangi parlamentning yo‘lini aniq belgilaydigan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oya hamda tashabbuslarni hayotga to‘g‘ri va izchil tatbiq qiladigan hujjat bo‘lishiga erishish lozim.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tuzilgan barcha qo‘mitalar hamda deputatlik birlashmalari davlatimiz rahbarining ma’ruzalari va Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ana shunday muhim vazifalarni belgilab olgani, ularda qo‘yilgan topshiriqlarning barchasini bekamu ko‘st bajarish, ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni hayotga izchil tatbiq qilishga kirishilgani qayd etildi.
Parlament quyi palatasi tomonidan amalga oshiriladigan zarur ishlarni o‘zida aks ettirgan chora-tadbirlar dasturi loyihasi muhokama etildi. Mazkur dasturni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holda qabul qilish uchun ishchi guruhi tuzildi.
– Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi yig‘ilishidagi nutqida har bir qonunning, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘zi, oyog‘i, ijrosi bo‘lishi lozim, – dedi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov. – Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak, degan edilar. Nazarimda, nafaqat qonun, balki biz – parlament a’zolari qabul qilayotgan qarorlar, ishlab chiqayotgan chora-tadbirlar ham mamlakatimiz hayotida qandaydir o‘zgarish yasamog‘i kerak. Shu ma’noda, palataning chora-tadbirlar dasturi loyihasini qo‘mitamizda ham keng muhokama qildik, uni takomillashtirish yuzasidan tuzilgan ishchi guruhi tarkibiga qo‘mitamiz a’zolari orasidan o‘z vakilimizni kiritdik. Bugungi Kengash yig‘ilishida ishchi guruhga o‘z takliflarimizni berdik. O‘ylaymanki, bu Qonunchilik palatasining oldida qo‘yilgan vazifalar o‘z vaqtida, sifatli bajarilishida hamda natijasi ham shunga yarasha bo‘lishida muhim omil hisoblanadi.
Ma’lumki, parlament quyi palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari lavozimi ta’sis etilgan edi. Shundan kelib chiqib, yig‘ilishda Qonunchilik palatasining Spikeri, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari o‘rtasidagi vazifalar taqsimot qilindi. Ayni vaqtda yangi parlament instituti bo‘lmish Spikerning birinchi o‘rinbosari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari aniq belgilab olindi.
Yig‘ilishda Qonunchilik palatasining yangi tarkibdagi deputatlarida parlamentda faoliyat ko‘rsatish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda ularning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida seminarlar, mashg‘ulotlar o‘tkazish rejasini ishlab chiqish haqidagi masala ham muhokama qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.