Cho‘qqilarda qor – tog‘ etaklarida serjilo bahor...
Surxondaryo viloyatining eng maftunkor go‘shalaridan biri –“Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i Hisor tog‘ tizmalari bag‘rida joylashgan. Osmono‘par cho‘qqilar hali ham oppoq qor og‘ushida bo‘lsa-da, tog‘ etaklari yashillikka burkanib, go‘zal tabiati kishini o‘ziga rom etayotir. Noyob hayvonot va o‘simlik dunyosi tabiat shaydolarining hayratini oshirmoqda.
– Tabiat bog‘imizga yana maftunkor bahor o‘z sepini yoydi, – deydi “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i direktori Nuriddin Sattarov. – Yovvoyi hayvonlar qish uyqusidan uyg‘onib, tevarak-atrofda ko‘zga tashlanmoqda. Sudralib yuruvchi jonivorlar sokin inidan chiqib, quyoshning iliq taftida toblanmoqda. Turli dov-daraxtlar hosil nishonlarini ko‘rsatayotir. Lolaqizg‘aldoq, chuchmoma kabi gul va noyob shifobaxsh giyohlar borliqqa o‘zgacha go‘zallik bag‘ishlab, dimoqqa xush yoqadigan iforini ulashmoqda. 27 ming 851 gektar maydonda yastanib yotgan “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘i har yilgidan ham serjilo manzaralari bilan go‘zallik shaydolarini o‘z bag‘riga chorlamoqda.







Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA