Cho‘l hududlarida navbatdagi reyd tadbirlari o‘tkazildi
Tabiat — kelajak avlodlarga qoldiriladigan eng bebaho merosdir. Undagi har bir o‘simlik va hayvonot turi ekologik muvozanatni saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan noyob jonzotlarni muhofaza qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shunga qaramay, tabiat boyliklariga nisbatan beparvo munosabat hali-hamon uchrab turibdi.
Buxoro viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi Ekopolitsiya xodimlari tomonidan cho‘l hududlarida o‘tkazilgan navbatdagi reyd tadbirlari davomida ana shunday qonunbuzarlik holati fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qorovulbozor tumanining “Bo‘ston” mahallasi hududida ikki nafar fuqaro garpun ov quroli yordamida noqonuniy baliq ovlayotgan vaqtida aniqlangan. Ular tomonidan jami 4 dona zog‘ora hamda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan 3 dona Turkiston mo‘ylovdori balig‘i ovlangani ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlar davomida fuqaro G‘.B.ning Qizil kitobga kiritilgan uch dona Turkiston mo‘ylovdori balig‘ini noqonuniy ovlagani tasdiqlandi. Buning oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 86 million 520 ming so‘m etib hisoblandi.

Holatda jinoyat alomatlari mavjudligi inobatga olinib, to‘plangan barcha hujjatlar huquqiy baho berish va qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun Buxoro viloyati prokuratura organlariga yuborildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Qizil kitobga kiritilgan hayvonot dunyosi vakillarini noqonuniy ovlash bir nechta jonzotning nobud bo‘lishi bilan cheklanib qolmaydi. Bu ekologik zanjirning izdan chiqishiga, noyob turlarning butunlay yo‘qolib ketish xavfining ortishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun bunday qonunbuzarliklarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari qat’iy qo‘llaniladi.
Tabiatni asrash — faqat ekologlar yoki nazorat organlarining emas, balki har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Noyob hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish orqali biz nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodning sog‘lom va barqaror tabiiy muhitini ham saqlab qolamiz. Har bir ongli inson tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishi, qonun talablariga amal qilishi va noqonuniy ovchilikka qarshi murosasiz bo‘lishi zarur.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri