Chiroqchida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi
Bir paytlari yurtimizning chekka-chekka hududlarida sport majmualari talabga javob bermasligi, zarur infratuzilmaning abgorligi, sport jihozlarining yetishmasligi tufayli oddiy musobaqa tugul, kundalik mashg‘ulotlarni tashkil etish ham mushkul yumush edi.
Bugun-chi? Mamlakatimizda yangilanish, inson qadrini ulug‘lash tamoyillari ustuvorlik kasb etishi sababli nafaqat shaharlarda, balki tuman markazlari, hattoki mahallalarda ham biri-biridan ko‘rkam va shinam sport majmualari, sport maydonchalari barpo etildi va etilmoqda. Ular kerakli sport inventarlari bilan ta’minlanmoqda.

Natijada qisqa fursatda mamlakatimizning istalgan tuman markazida respublika darajasidagi musobaqalarni uyushtirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida belbog‘li kurash bo‘yicha 2011-2013-yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati vohaning kurashsevar yoshlari uchun mahorat maktabi vazifasini o‘tadi. Aholiga esa sport bayrami shukuhini taqdim etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 320 nafar yosh polvon belbog‘li kurashning belbog‘li kurash va erkin yo‘nalishida o‘z vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Chempionatning ochilish marosimida ishtirok etgan Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov hamda Qashqadaryo viloyat belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Farhod Jumanov va boshqalar O‘zbekiston chempionatining Chiroqchida o‘tayotganligi mamlakatimiz sport hayotida o‘ziga xos voqea bo‘lganligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng musobaqa reglamentiga muvofiq, o‘g‘il bolalar belbog‘li kurashning klassik yo‘nalishida 13 ta vazn toifasida, qizlar esa erkin yo‘nalishda 9 ta vazn toifasida bellashuvlarga kirishdi.
Murosasiz bellashuvlarga boy tarzda o‘tgan chempionatda qashqadaryolik qizlar jamoasining chiqishlari muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, Chiroqchi sport maktabi sportchi qizlari raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarilganligi muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Ikki kun davom etgan chempionat yakunida namanganlik Omadbek Odiljonov, andijonlik Mu’injon Ahmadjonov, farg‘onalik Gulyoraxon Odiljonova, navoiylik Maftunaxon Begiboyeva, sirdaryolik Sirojiddin Rahmonov, andijonlik Abdulla Yuldoshev, qoraqalpog‘istonlik Muhammadaliy Akemniyazav, qashqadaryolik Asadbek Cho‘liyev kabi yoshlar aynan Chiroqchida O‘zbekiston chempionligiga erishdi.
Chempionatda kuchli uchlikdan joy olgan sportchilar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA muxbiri