Chirchiqliklar konstitutsiyaviy islohotlarga faol qatnashmoqda
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga doir 60 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi. Ushbu jarayonda chirchiqliklar ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Xususan, Chirchiq shahar hokimligida keng jamoatchilik ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokamasi o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi, Oliy Majlis Senati a’zosi Malika Qodirxonova, “Chirchiq” saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputat M.Xodjayeva, Chirchiq shahar hokimi – xalq deputatlari shahar Kengashi raisi D.Hidoyatov, shahar faollari, siyosiy partiya vakillari qatnashdi. Qayd etilganidek, konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda. Ularning aksariyati mazmun-mohiyatiga ko‘ra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlashga qaratilgan. Shuningdek, o‘zgartishlar sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, ta’limni rivojlantirish, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, fuqarolik jamiyati institutlarining maqomini va ekologik muhofaza kabi masalalarni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish bilan bog‘liq. Qonun loyihasi davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jumladan, parlament vakolatlarini kengaytirish, Prezidentlik institutini takomillashtirish, joylardagi vakillik va ijro hokimiyati organlarini ajratish, Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jihatdan rivojlantirishning konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlash masalalarini ham o‘z ichiga olgan.

Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi M.Qodirxonova O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning 24 iyunida mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasini umumxalq muhokamasiga qo‘yish to‘g‘risida qarori qabul qilinganini ta’kidladi. Buning uchun “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” gazetalarida hamda “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasida e’lon qilinmoqda.
Suhbat davomida chirchiqliklar bir qator takliflarni bildirdi. Bundan tashqari mehnat jamoalarida, mahallalarda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha keng muhokamalarni olib borish, yangi takliflarni ishlab chiqishga kelishib oldi.
A.Musayev,O‘zA.