Chirchiq shahrida tibbiy ko‘rik
Chirchiq shahridagi viloyat Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Koreya Respublikasining Seul milliy universiteti stomatologik klinikasi mutaxassislari ishtirokida xayriya tibbiy ko‘rigi tashkil etildi.
Jarayonda “lab va tanglay yorig‘i” (quyon lab va bo‘ri tanglay) tashxisi bilan Toshkent viloyatida istiqomat qilayotgan bolalar ko‘rikdan o‘tkazildi. Saralab olingan bolalarda joriy yilning aprel oyida shu yerning o‘zida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur xayriya aksiyasi 2021 yilda uch tomonlama imzolangan memorandum asosida, har yili 50–60 nafar bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shu kunga qadar koreyalik mutaxassislar tomonidan 150 nafarga yaqin bolada muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan.
– Tibbiyot xodimi sifatida ta’kidlash joizki, homiladorlikning erta muddatlarida o‘tkazilgan o‘tkir respirator kasalliklar hamda turli yuqumli kasalliklar natijasida chaqaloqlarda, asosan, lab va tanglay nuqsonlari bilan tug‘ilish holatlari kuzatiladi. Bu kabi muammolar bo‘yicha nafaqat Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi, balki yuqori texnologik va murakkab amaliyotlarda Janubiy Koreya universiteti mutaxassislarining yordamidan foydalanamiz, – deydi Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva.
A.Musayev, O‘zA