Chingiz Aytmatovning so‘nggi iqrorlari
Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...
(Davomi. Oldingi qismi 14-avgustda eʼlon qilingan)
Ikeda: – Siz “yashashda davom etish”, “eski”, afsonaviy soʻzni his etish sharti, deysizmi? Bu yerda qandaydir oʻziga xos paradoks borday tuyulmaydimi?
Ch.Aytmatov: – Ehtimol. Ammo tan olishim kerak, baʼzan xayolimga gʻalati bir fikr keladi: qiziq, qadimgi ajdodimning tilini tushuna olarmidim?
Ikeda: – Kechirasiz, Chingisxon emasmi nazarda tutganingiz? Rostini aytsam, menga sizning “Chingisxonning oq buluti” qissasini “Qiyomat” romaniga aylantirishdagi urinishlaringiz gʻoyat qiziq tuyuldi.
Ch.Aytmatov: – Ha, Chingizxon kabi odamlar vaqt oʻtishi bilan afsonaga aylanadilar. Ammo hayotda ular, mashhurligiga qaramay, tirik odamga xos barcha xususiyatlarga, shu jumladan, zaiflik va xastaliklarga ega oddiy odam boʻlishgan-ku. U aslida qanday boʻlgani yoki boʻlishi mumkinligini tasavvur qilib koʻrdim, – demak, bu obrazni afsonaviy-xayoliy yaltiroqlik, shartlilik, majoziylik va ramziylikdan xalos etish kerak edi...
Ikeda: – Va oddiy bir odamga eng odatiy, kundalik vaziyatlarda duch keldingizmi?
Ch.Aytmatov: – Albatta. Va yana, menimcha, haqiqiy falsafa, insonlar qalb amri bilan – dangal ish tutganida, eng oddiy sharoitlarda namoyon boʻladi. Sevayotgan odam chinakam qahramonga aylanadi, chunki u, bu buyuk tuygʻu nomidan oʻziga hayotning gʻayritabiiy qoidalarini yuklaydigan har qanday zulm bilan duelga chiqishi muqarrar. Shunday boʻlgan va shunday boʻlib qoladi. Bu qonun. “Chingisxonning oq buluti”da men shu haqida aytmoqchi edim. Shuningdek, afsonaviy syujetlarda muhabbat gʻoyasi har narsadan ziyod ulugʻlanishi meni ajablantirmaydi. Aksincha, zavq beradi. Men Sulaymon shohning qoʻshigʻida aytilganidan koʻra buyukroq hech nima bilmayman: “Kuchli sevgi oʻlim kabidir”. Shu oʻlmas soʻz-xayoldan ortiq yana nima musavvirning tasavvurini toʻlqinlantirishi mumkin?
Biz, oʻlishga mahkumlar yana nimani ham istay olardik?
Ikeda: – Inson uchun oldindan tayyorlab qoʻyilgan “oʻlim qismati” buddizmdagi “hech nima boqiy emas”da aks etgan. Oʻzgarmas hech nima yoʻq, hamma narsa halokat uchun tayyorlangan. Hatto olmos ham birdek qolmaydi, oʻzgarishlarga duchor boʻladi va u ham oʻlimdan qochib qutulolmaydi. Agar odamni olib qaraydigan boʻlsak, mangu muhabbatdan qasam ichgan juftliklar, ulardan birining oʻlimi tufayli ajralishga mahkumdirlar. Aynan inson “oʻlim qismati”ga mahkumligi uchun ham, u mangulikka, boqiy dunyoga intiladi. Aynan inson vaqti chegaralangan yaratiq boʻlgani uchun ham, u azaldan Fazo bilan birlashishga intilgan. Inson, Paskal taʼbiri bilan aytganda, fikrlovchi qamishdir, tabiiy kuchning birgina nafasidan nobud boʻluvchi ojiz yaralmish boʻlgan holda, oʻz tafakkur qudrati, tasavvur kuchi bilan Fazoni qamrab oladi. Bu uning Insonligi, Inson boʻlishga intilayotgani isboti emasmi! Va shu maʼnoda sanʼat foniy dunyodan mutlaq, boqiy dunyoga olib oʻtuvchi koʻprik boʻlib doimiy xizmat qiladi. Bu Eliotning madaniyatga munosabati. Shuningdek, tasviriy sanʼat tarixi sohasi mutaxassisi, professor Xarisonning soʻzlarini ham keltiraman: “Insonni cherkovga murojaat qilishga undagan ragʻbat va teatrga murojaat qilishiga xizmat qilgan ragʻbatning manbai bitta”. Aynan shuning uchun ham dunyoda – xoh Sharq boʻlsin, xoh Gʻarb – meʼmorchilik, rassomchilik, musiqa, adabiyot din bilan chambarchas bogʻlangan. Sanʼat toʻliq undan andaza oladi. Yevropa diniy sanʼatining koʻplab asarlari yaratilishi, insonning ishq va boqiylikka koʻtarilish sari yengilmas ishtiyoqidan boshqa narsa emas.
(Davomi bor)
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi