Chilida deputat 15 soatlik ma’ruza o‘qidi
Chilida muxolif Sotsialistlar partiyasidan saylangan deputat Xaime Naranxo mamlakat prezidenti Sebastyan Pineraga nisbatan impichment e’lon qilish masalasiga bag‘ishlangan parlament yig‘ilishida sal kam 15 soatli chiqish qildi. Bu xabarni “Reuters” agentligi tarqatgan. Haqqoniylik nuqtai nazaridan ta’kidlash joiz, ayrim manbalarda bu raqam 13 soat, deb keltirilyapti.
Ma’lum bo‘lishicha, xalq noibi o‘z so‘zini ataylab, boshqa bir hamkasbi, shu kungacha karantinda bo‘lib turgan Jorjo Jekson ham ovoz berish uchun majlisga yetib kelishigacha cho‘zishni ko‘zlagan. Ma’ruza 1300 betdan iborat ekan.
Xaime Naranxo nutq irod qilarkan, uni tinglayotgan boshqa deputatlar 15 va 20 daqiqadan ikki bor tanaffusga chiqib kelishga ham ulgurishdi. Ma’ruzachining o‘zi esa ikki bor shifokor ko‘rigidan o‘tishiga to‘g‘ri keldi.
Jorjo Jekson yarim tunda ijtimoiy tarmoq sahifasida parlament binosi tomon yo‘lga tushganini yozdi. Darvoqe, aynan shu deputatning ovozi impichmentni qo‘llab-quvvatlash jarayonida hal qiluvchi bo‘lishi mumkin edi. Nima bo‘lganda ham qariyb bir sutka davom etgan muhokamadan so‘ng Chili quyi palatasi davlat rahbariga nisbatan impichment e’lon qilishga qaror qildi.
Sebastyan Pineraning impichmenti to‘g‘risidagi masala "Pandora dosesi" nomli hujjatga asosan, korrupsiya holatidan gumonlanish tufayli ko‘tarilgan edi. Bu material Xalqaro jurnalistlar tekshiruvi konsorsiumi (ICIJ) tomonidan e’lon qilingan.