Chigirtkalarga qarshi kurashish dolzarb masala
Har yili bahor fasli kelishi bilan dehqonlarimizni bir muammo o‘ylantiradi. Bu ham bo‘lsa, ekinlarni zararkunandalar, jumladan, chigirtkalardan himoya qilish va asrab-avaylashdir.
Respublikamizda chigirtkalarning 200 ga yaqin turlari aniqlangan bo‘lib, ularning 8-10 turi qishloq xo‘jalik ekinlari, yaylovlari va boshqa o‘simliklarga jiddiy zarar yetkazadi. Chigirtka o‘z vazniga nisbatan 300-400 barobar ko‘p miqdorda oziqlanishini hisobga olsak, katta maydonlarga zarar yetkazishi va oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy xavf solishi mumkin.

Ayni kunlarda Navoiy viloyati chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati hamda qator hamkor tashkilotlar tomonidan “Zararli chigirtkalarga qarshi kurashish tadbirlarini samarali tashkil etish” mavzusida amaliy o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda.
Joriy yilda viloyatning cho‘l hududlaridagi yaylovlarda 41,5 ming gektar maydonda zararli chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlovlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularga qarshi 54,3 ming gektar maydonda kuzatuvlar olib borildi.
Hududda asosan zararli chigirtkalarning Italiya prusi, Turon, voha, katta saksovul bukur hamda marokash chigirtkasi kabi turlariga qarshi kimyoviy ishlovlar olib boriladi.

Nurota tumanida o‘tkazilgan seminarda ham ushbu turdagi zararli chigirtkalarning ommaviy tarqalishining oldini olish tadbirlarini samarali tashkil etish va amalga oshirish borasida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyatni yanada kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati, O‘simliklar karantini va himoyasi hamda FV boshqarmalari, shuningdek, qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan amaliy seminarga jami 121 nafar shaxsiy tarkib, 15 dan ortiq texnika, 50 nafarga yaqin hudud aholisi hamda chorvachilik xo‘jaliklari xodimlari jalb etildi.

– Zararli chigirtkalar tarqalishining oldini olish va o‘z vaqtida kimyoviy kurash ishlarini o‘tkazish maqsadida 4 ta otryad tashkil etilgan, – deydi Navoiy viloyat Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati rahbari Abbos Jabborov. – Jarayonlarda foydalanish uchun 4 ta yuqori unumli purkagichli maxsus avtomashina, 6 ta purkagichli traktor, 12 ta motorli osma qo‘l purkagichi, 2 ta suv tashuvchi transport vositasi, 4 ta mototsikl shay holatga keltirilgan. Shuningdek, yetarlicha yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va kimyoviy vositalar zaxiralari shakllantirildi. Hozirda chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati 24/7 rejimida faoliyat olib bormoqda.
Bugungi kunda xizmat agronom nazoratchilari tomonidan yaylovlarda kuzatuv nazorat ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda Nurota tumanidagi yaylovlardan tashqari, barcha hududlarida zararli chigirtkalarga qarshi kimyoviy ishlovlar o‘tkaziladi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri