Chet tillarni interfaol o‘rganish – davr talabi
Ayni paytda «ZiyoNET» milliy jamoat axborot ta’lim tarmog‘i tillarni interfaol o‘rganishning xilma-xil shakl va vositalarini taqdim etmoqda.
Inson hayoti va faoliyatining turli jabhalarida, jumladan, chet tillarni o‘rganishida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Ayni paytda «ZiyoNET» milliy jamoat axborot ta’lim tarmog‘i tillarni interfaol o‘rganishning xilma-xil shakl va vositalarini taqdim etmoqda.Chet tillarni bilish hamisha dolzarb bo‘lgan. Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy va boshqa buyuk ajdodlarimiz ham bir necha tilni puxta bilgan. Bu ularga o‘z davrining yetakchi olimlari bilan tajriba almashish, bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirishga yordam bergan, ijodi va ilmiy merosini boyitgan. Shu bois ajdodlarimizning boy merosi bugungi kunda ham butun dunyoda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Globallashuv jarayonlari, mamlakatlar va xalqlarning integratsiyalashuvi chet tillarni o‘rganish zaruratini yanada kuchaytirmoqda. Negaki, bu dunyoqarashni kengaytirish, boshqa xalqlar madaniyati va urf-odatlarini o‘rganishga ko‘maklashadi, muloqot qilish hamda turli yo‘nalishlarda aloqa o‘rnatishda cheksiz imkoniyatlar yaratadi. Mamlakatimizda yosh avlodning jahon ilm-fani yutuqlari va ilg‘or texnologiyalardan keng foydalanish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun chet tillarni o‘qitish va o‘rganish sharoitlari yildan-yilga takomillashib bormoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrda qabul qilingan «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ham shundan dalolat beradi.
– Portalimizda chet tillarni o‘rganish uchun yanada qulaylik yaratish borasida maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi «ZiyoNET» tarmog‘ining Resurs markazi boshlig‘i Tolibjon Mirzaqulov. – Xususan, bu yerda o‘quv qo‘llanmalari, badiiy, ilmiy va uslubiy adabiyotlarning mamlakatimizdagi eng katta elektron ma’lumotlar bazasi mavjud. Foydalanuvchilar uch til – o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi materiallar bilan ta’minlanmoqda.
Bugun «ZiyoNET» milliy jamoat axborot ta’lim tarmog‘iga 8,1 mingdan ziyod umumta’lim maktabi, 1mingdan ortiq kasb-hunar kolleji, 128 akademik litsey va 75 oliy o‘quv yurti ulangan. Yoshlarning zamonaviy talab va ehtiyojlariga mos bo‘lish maqsadida tarmoq modernizatsiya qilindi va ayni paytda mutlaqo yangi ko‘rinish va mazmunga ega. Zamonaviy dizaynidan tashqari portalning faoliyat yo‘nalishlari ham o‘zgartirildi. Chet tillarni o‘rganish bo‘yicha axborot resurslarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
«Chet tillar» bo‘limi portalga kiritilgan yangiliklardan biridir. Bu yerda o‘quvchi va o‘qituvchilar, talabalar uchun qulay manbalar bor. Ular yordamida o‘quv jarayonini yengillashtiradigan sermazmun materiallar, ko‘plab dasturlar, jumladan, o‘yinlardan foydalanish mumkin. Masalan, mazkur bo‘lim «ZiyoNET» portalining chet tillardagi 1,6 mingdan ziyod videorolikni o‘z ichiga olgan «uTube.uz» loyihasiga o‘tish imkonini beradi.
Foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratish va «ZiyoNET» tarmog‘ini ommalashtirish maqsadida o‘quv muassasalari uchun bepul veb-xosting taqdim etilgan. Bu uchinchi darajali «zn.uz» domenida sayt-satellitni yaratish imkonini beradi. Ayni paytda ushbu platformada yaratilgan 14,6 mingdan ortiq shunday resursning aksariyati chet tillar bo‘yicha tajriba almashish hamda bilimlarni ommalashtirishga yordam bermoqda. Shunisi e’tiborliki, ular o‘qituvchilar va iqtidorli yoshlar tomonidan ishlab chiqilmoqda.
Yoshlar va yosh mutaxassislarni turli grant, ta’lim fondlari, tanlov, stipendiya, nafaqat mamlakatimiz, balki xorijda o‘tkazilayotgan aksiya va boshqa tadbirlar haqida xabardor qilish maqsadida tashkil etilgan «Tanlov.uz» loyihasi ham foydalanuvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Maktab o‘quvchilariga o‘zbek, rus, qoraqalpoq va tojik tillaridagi ellikdan ziyod darslikdan foydalanish imkonini beradigan yangi «E-Darslik» mobil dasturi ham ommalashib bormoqda.
– Elektron kutubxonalar hayotimizga shiddat bilan kirib kelmoqda va ularsiz zamonaviy ta’lim jarayonini tasavvur etish qiyin, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasining beshinchi kurs talabasi Farhod Saidalixo‘jayev. – Mamlakatimizda tashkil etilgan «ZiyoNET» axborot ta’lim tarmog‘i yordamida xorijiy mualliflar tomonidan yaratilgan darsliklarni topish mumkin. Masalan, men ingliz tilida chop etilayotgan tibbiyot bo‘yicha yangi kitoblarni topish uchun hamisha portaldan foydalanaman.
«ZiyoNET» tarmog‘i mutaxassislarining so‘zlariga ko‘ra, hali istiqbolli rejalar ko‘p. Toshkentdagi Gyote instituti, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va boshqa ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish shular jumlasidan. Shubhasiz, bu milliy ta’lim tarmog‘ini chet tillarni o‘rganish mexanizmini yanada soddallashtiradigan yangi interfaol xizmatlar, axborot materiallari bilan boyitishga yordam beradi.