Chempion qiz chegarachilar huzurida bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli Marhamat tumanidagi harbiy qismida sportning taekvondo turi bo‘yicha O‘zbekiston va Osiyo chempioni, paraolimpiada o‘yinlari ishtirokchisi Zarinabonu Madrahimova ishtirokidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
“Sport – sog‘lik garovi” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu tadbirda so‘z olganlar tomonidan harbiy qismlarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sportga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishda taniqli sportchilar, chempionlar bilan bo‘ladigan muloqot va uchrashuvlar muhim rol o‘ynashligi ta’kidlandi.
Davra suhbatida chempion qiz harbiy xizmatchilarga o‘zining sportda, hayotda erishgan ulkan yutuqlari, qiziqish va maqsadlari haqida gapirib berdi. Ayniqsa, xalqaro musobaqalardagi bahslarda ona Vatanga muhabbati, yurt va yaqinlari ishonchi unga hamisha dalda, ruhiy madad bo‘lganligini gapirdi.

- Bunday uchrashuvlar harbiylarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda mardlik, jasurlik, metin iroda xislatlarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi kapitan, Xurshidjon Fozilov. - Shu bois ham, harbiy qismda bu kabi tadbirlarni tez-tez o‘tkazib turishni rejalashtirganmiz.
Tadbirda Z. Madrahimova sportdagi yutuqlari yuzasidan harbiylarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA