“Chelebi textile” xorij bozorlarida mustahkam o‘rin egallamoqda (+video)
Yarim tayyor xomashyoni qayta ishlab, tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan hamda eksport faoliyatini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan “Chelebi textile” bugungi kunda Guliston shahrining yirik sanoat korxonalaridan biriga aylandi.
Zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat yuritayotgan korxonada ishlab chiqarilayotgan eksportbop trikotaj mahsulotlari tashqi bozorlarda munosib o‘rin egallab, nafaqat Sirdaryo viloyati, balki mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatining eksport salohiyatini yuksaltirishga ham salmoqli hissa qo‘shmoqda.
2019-yilda tashkil etilgan korxona qisqa vaqt ichida yuqori ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy sanoat majmuasiga aylandi. Bugungi kunda bu yerda 1100 nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Jamoaning asosiy qismini xotin-qizlar tashkil etadi. Xodimlarning oylik ish haqi bajarayotgan ishi, malakasi va mehnat unumdorligiga qarab 3 million so‘mdan 15 million so‘mgacha yetadi.
Korxonada ayollar, erkaklar va bolalar uchun turli xil tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Jumladan, futbolka, mayka, pijama, ichki kiyimlar, jilet, sviter, pulover hamda boshqa turdagi trikotaj mahsulotlari tayyorlanadi. Ishlab chiqarish jarayoni buyurtmachilar talabidan kelib chiqqan holda tashkil etilib, har bir model buyurtmachi kompaniya dizaynerlari tomonidan ishlab chiqilgan dizayn va texnik talablar asosida tayyorlanadi. Bu esa mahsulotlarning xalqaro bozor talablariga to‘liq javob berishini ta’minlamoqda.
Korxona mahsulotlarining asosiy qismi eksportga yo‘naltirilgan bo‘lib, uning eng yirik xaridori Rossiya Federatsiyasi hisoblanadi. Shuningdek, mahsulotlar internet-savdo platformalari orqali ham xorijiy iste’molchilarga yetkazib berilmoqda. 2025-yil yakunlari bo‘yicha qiymati 20 million AQSH dollariga teng tayyor trikotaj mahsulotlari Rossiya bozoriga eksport qilindi. Bu esa korxonaning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligi va mahsulotlariga bo‘lgan talab tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Ishlab chiqarishda asosan mahalliy xomashyodan foydalaniladi. Xomashyoning 80–85 foizi mamlakatimizdagi ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinsa, qolgan qismi Xitoydan import qilinadi. Bu mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish va mahsulot sifati barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-30321]
Korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari eng so‘nggi rusumdagi tikuv uskunalari yordamida amalga oshirilmoqda. Zamonaviy tikuv dastgohlarining asosiy qismi Xitoydan, qolgan qismi esa Turkiya va Tayvandan keltirilgan bo‘lib, yuqori unumdorlik va mahsulot sifatini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mahsulot sifatini yanada oshirish va mahalliy kadrlar malakasini yuksaltirish maqsadida korxonada Turkiyadan jalb etilgan 8 nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Ular ishchi-xodimlarga zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, yangi modellarni ishlab chiqarish, sifat nazoratini kuchaytirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Sirdaryo viloyati Bojxona boshqarmasi mas’ullari ham korxonada bo‘lib, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yaratilgan imkoniyatlar, eksportda qo‘llanilayotgan bojxona rejimlari va ularning afzalliklari yuzasidan tushuntirishlar hamda amaliy tavsiyalar berdi.
— Bugungi kunda korxonamizda asosiy e’tibor sifatli mahsulot ishlab chiqarish, eksport hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan. Har bir mahsulot buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan dizayn asosida tayyorlanadi. Zamonaviy texnologiyalar, xorijlik mutaxassislar tajribasi va mehnatkash jamoamizning sa’y-harakatlari tufayli tashqi bozorlarda munosib o‘rin egallab bormoqdamiz. Kelgusida ishchi-xodimlar sonini 2 ming nafarga, eksport hajmini esa ikki barobarga oshirishni rejalashtirganmiz, — deydi korxona ish boshqaruvchisi O‘tkir Nishonov.
— O‘zbekistonda ishlayotganimga o‘n yildan oshdi. “Chelebi textile” da esa ikki yildan buyon mehnat qilmoqdaman. Bu yerda mahalliy mutaxassislar mehnatsevar, mas’uliyatli va zamonaviy texnologiyalarni tez o‘zlashtiradi. Ishlab chiqarish jarayonida sifatga yuqori talab qo‘yilgani mahsulotlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning amaliy samarasidir, - deydi Turkiyalik mutaxassis Asiya Parakos.
Korxonada ishchi-xodimlarning samarali mehnat qilishi uchun barcha zarur ijtimoiy shart-sharoitlar yaratilgan. Xodimlarni ishga olib kelish va uyiga qaytarish, dam olish hamda mehnat xavfsizligini ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
— Bu korxonada ish boshlaganimga besh yildan oshdi. Shu vaqt mobaynida tajribali mutaxassislardan ko‘p narsani o‘rgandim. Hozir buyurtmachi dizaynerlari tayyorlagan loyihalar asosida matolarni bichish va tikish jarayoniga tayyorlash bilan shug‘ullanaman. Eng muhimi, mehnat qilish va kasbiy mahoratini oshirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, — deydi korxona ishchisi Abdulla Boltayev.
Bugun “Chelebi textile” zamonaviy texnologiyalari, eksportbop mahsulotlari, yuqori malakali mutaxassislari va 1100 nafardan ortiq ish o‘rni bilan Sirdaryo viloyatining yetakchi sanoat korxonalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Korxona faoliyati mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, eksport hajmini ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash hamda mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatining xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sanoat va eksport siyosati o‘zining amaliy natijalarini berayotganining yana bir yorqin tasdig‘idir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xzUHmBgWA0U" title="“CHELEBI TEXTILE” xorij bozorlarida mustahkam o‘rin egallamoqda"" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat, video) O‘zA