Chekka mahalladagi maktabga kitoblar sovg‘a qilindi
“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida Shahrixon tumanining Qoziqo‘rg‘on mahallasida joylashgan 58- umumta’lim maktabida “Jonajon maktabimga kitob sovg‘a qilaman” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Andijon mashinasozlik institutining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akmaljon Ermatov, maktab o‘qituvchilari, “Yosh kitobxon” tanlovi respublika bosqichi sovrindori Umidjon No‘’monov, talaba va o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – deydi Andijon mashinasozlik instituti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akmaljon Ermatov. – Jumladan, “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasidagi targ‘ibot tadbirlari ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga, ayniqsa, yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.

O‘quvchi yoshlar bilan uchrashuvda kitobning jamiyat taraqqiyoti, inson kamolotidagi o‘rni va roli muhim ekanligi qayd etildi. Shuningdek, o‘zbek va jahon adabiyoti namoyondalarining sara asarlari xususida fikr, mulohazalar bildirildi, savol-javoblar bo‘ldi.
Tadbirda Andijon mashinasozlik instituti “Nihol” talabalar studiyasi tomonidan ijodkor Erkin Xushvaqtning “Qirmizi olma” asari asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi.

Shundan so‘ng Andijon mashinasozlik instituti birinchi prorektori Akmaljon Ermatov maktab kutubxonasiga yuzdan ortiq kitob sovg‘a qildi. Yoshlar ittifoqi institut boshlang‘ich tashkiloti tomonidan a’lochi, tashabbuskor, tadbirda faol ishtirok etgan bir guruh o‘quvchilar badiiy kitoblar bilan taqdirlandi.
– Biz o‘quvchilar ushbu tadbirdan ulkan ma’naviy ozuqa oldik, – deydi maktabning 8-sinf o‘quvchisi Dilafruz Abdunabiyeva. – Qolaversa, kitobning kelajak hayotimiz, kamolotimizdagi ahamiyati haqida keng ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Shaxsan men kitob o‘qishga qiziqaman, ko‘p kitob o‘qiyman. Endi tengdoshlarim o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etishga, kitobxon yoshlar safini kengaytirish ishiga ham hissa qo‘shishga astoydil harakat qilaman.
Institut, mahalla, maktab hamkorligini mustahkamlash maqsadida har uch oyda bir marta maktab kutubxonasiga sovg‘a qilingan kitoblardan eng ko‘p o‘qigan kitobxon o‘quvchilarga Qoziqo‘rg‘on mahallasidagi Ermatovlar oilasi tomonidan ta’sis etilgan stipendiya beriladigan bo‘ldi.
F.Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.