"CAFA Nations Cup" turnirida ilk tur yakunlandi
O‘zbekiston va Tojikiston mezbonligida o‘tayotgan futbol bo‘yicha "CAFA Nations Cup" turnirining "A" va "B" guruhlarida birinchi tur uchrashuvlari yakunlandi.
Poytaxtimizda o‘tayotgan mazkur musobaqaning "A" guruhidagi Qirg‘iz Respublikasi va Turkmaniston terma jamoalari bahsi "Jar" stadionida o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda jamoalar 1:1 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, "Olimpiya" stadionida o‘tgan O‘zbekiston hamda O‘mon to‘qnashuvi ham 1:1 hisobida o‘z yakuniga yetdi.

Shu tariqa, mazkur guruhdagi har bir terma jamoalar hisobiga bir ochkodan qo‘shildi. Endi ikkinchi turda O‘zbekiston va Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi hamda O‘mon terma jamoalari o‘zaro raqobatlashdi. Ushbu o‘yinlar 2 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Darvoqe, Milliy terma jamoamizning barcha uchrashuvlari “Olimpiya” stadionida o‘tsa, qolgan termadar “Jar” o‘yingohida tashkil etiladi.

Tojikistonda o‘tayotgan "B" guruhidagi o‘yinlarda Eron 3:1 hisobida Afg‘oniston ustidan zafar quchgan bo‘lsa, Tojikiston kutilmaganda Hindiston terma jamoasiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Natijada Eron va Hindiston termalari 3 ochko bilan guruhning 1-2 pog‘onalaridan joy oldi. Mezbonlar va afg‘onistonlik futbolchilar ochkosiz keyingi o‘rinlarda qayd etildi.

Bu guruhdagi ikkinchi tur o‘yinlari 1 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda guruh peshqadamlari o‘zaro raqobatlashsa, quyi o‘rinlarda borayotgan Tojikiston va Afg‘oniston terma jamoalari to‘qnagadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA