Byudjet tizimi istiqbollari
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi o‘quv markazi tomonidan “O‘zbekiston moliya tizimining mustaqil 25-yil davomidagi taraqqiyot yo‘li” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi o‘quv markazi tomonidan “O‘zbekiston moliya tizimining mustaqil 25-yil davomidagi taraqqiyot yo‘li” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchi va amaliyotchi mutaxassislar, moliya va g‘aznachilik tizimi xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari – G‘aznachilik boshlig‘i D.Sattorov va boshqalar mustaqillik yillarida davlat byudjeti mablag‘larini boshqarish, maqsadli foydalanish, xarajatlarni moliyalashtirishda yangicha mexanizmlar va usullarni joriy etish bosqichma-bosqich amalga oshirilganligi, xalqaro standartlarga javob beradigan, rivojlangan mamlakatlar moliya tizimining ilg‘or tajribasini o‘zida mujassam etgan milliy g‘aznachilik tizimi yaratilganligi, davlat xaridlari bo‘yicha byudjet tashkilotlari xodimlarining malakasi oshirilgani o‘z samarasini berayotganini alohida ta’kidladi.
Bu borada erishilgan yutuqlarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi o‘quv markazining munosib hissasi bor. 2007-yilda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan o‘quv markazida o‘tgan yillar davomida 49 mingdan ziyod tinglovchi bilimini mustahkamladi, 10 innovatsion loyiha amalga oshirildi, 23 darslik, o‘quv-qo‘llanmalar yaratildi.
– O‘tgan yillar davomida mamlakatimiz iqtisodiyoti 5,5, aholi real daromadi 9 barobar o‘sdi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisod fanlari nomzodi Ilhom Nosirov. – Bunda byudjet tizimini rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari, huquqiy asoslari yaratib berilgani muhim ahamiyatga ega.
Konferensiyada moliya sohasining taraqqiyot yo‘lida davlat xaridlari tizimi yaratilgani va uni takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari ishlab chiqilgani alohida qayd etildi. Hozir davlat xaridlari tizimini yanada rivojlantirish strategiyasi, uning normativ huquqiy bazasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ishlab chiqilmoqda. Bunda davlat xaridlarining barcha ishtirokchilarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, tizim ochiqligini ta’minlash, bu jarayonga AKTni joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda g‘aznachilik tizimi, uni tashkil etish, rivojlantirish hamda yaqin kelajakdagi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Davlat byudjetini boshqarish sohasidagi yangiliklar, barcha subyektlar byudjet va moliyaviy intizomga qat’iy rioya qilishi, xalqaro standartlarga tayangan holda davlat sektori uchun buxgalteriya hisobining milliy standartlarini ishlab chiqish va mazkur sohani yanada rivojlantirish maqsadida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.