BYD elektromobil bozorida yetakchi
Xitoyning BYD kompaniyasi 2025 yil yakunlariga ko‘ra Ilon Mask rahbarligidagi Teslani ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisiga aylandi. BYD yil davomida jami 2,26 million to‘liq elektr avtomobil sotgan bo‘lsa, Tesla 1,63 million donada qolgan. Tesla savdolari ayniqsa yil oxirida pasaygan va umumiy natijalar 2024 yilga nisbatan 9 foizga kamaygan.
BYDning yuksalishi Xitoy avtomobil sanoatining global raqobatda ustunlik qilayotganini ko‘rsatadi. Kompaniya gibrid avtomobillar, elektr avtobuslar va yuk mashinalari savdosini ham oshirib, barcha turdagi avtomobillar bo‘yicha 4,55 million dona natijasiga erishgan. Bu bilan BYD nafaqat ayrim choraklarda, balki 2025 yilda to‘liq elektr modellar ishlab chiqarishda ham Teslani ortda qoldirdi.
Teslaning pasayishi esa AQSH siyosati, xususan Tramp davrida elektromobillarni rag‘batlantiruvchi subsidiyalar va ekologik qoidalarning bekor qilinishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, BYDning muvaffaqiyati Xitoy kompaniyalarining global elektromobil bozorida kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/4O29x5GA8zc?si=b4FZZWoxXgZHqeil" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA