Buyuk Britaniyada tashkil etilgan stajirovka muvaffaqiyatli yakunlandi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tinglovchilarining Buyuk Britaniyada tashkil etilgan qisqa muddatli stajirovka dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Xususan, “36 Stone”, “Mayer Brown”, “Law Society” hamda boshqa yetakchi advokatlik firmalarida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, xalqaro huquq amaliyoti, yuridik xizmatlar ko‘rsatish tizimi va zamonaviy yuridik tajribalar yuzasidan bilim va ko‘nikmalar mustahkamlandi.

Stajirovka davomida tinglovchilar zamonaviy yuridik tajribaga ega bo‘lish, xorijiy ekspertlar bilan muloqot qilish, xalqaro tajribani o‘rganish hamda professional aloqalarni kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Stajirovka yakunida ishtirokchilarga dastur doirasida olgan bilim va ko‘nikmalarini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.
Shuningdek, Institut rahbariyati va tinglovchilar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda stajirovka davomida orttirilgan tajribalar, ilg‘or xorijiy amaliyotlar, o‘quv mashg‘ulotlari jarayonida olingan bilimlar hamda ularni milliy huquqiy amaliyotga tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur stajirovka tinglovchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, xalqaro tajribani o‘rganish hamda zamonaviy yuridik bilimlarni amaliyotga tatbiq etish borasida muhim ahamiyat kasb etdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA