Buyuk adibni xotirlab
O‘zbekistonda Xudoyberdi To‘xtaboyevdek mashhur bolalar yozuvchisi bo‘lmasa kerak. Taniqli adib o‘z ijodini o‘tgan asrning o‘rtalarida, maktabda ishlab yurgan kezlarida boshlagan bo‘lsa-da, uning qahramonlari XXIasrga qadam qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Yozuvchining kitoblarida tasvirlangan voqealar esa bugungi kunda ham dolzarbdir. Bu adibning kelajak avlodlar ruhini his qilish qobiliyati emasmi!
O‘zbek bolalar adabiyotining atoqli namoyandasi Xudayberdi To‘xtaboyev teran tarbiyaviy ahamiyatga ega kitoblar muallifidir. Iste’dodli adib oltmish yildan ortiq ijodiy faoliyati davomida «Shoshqaloq» (1961), «Feletondan keyin» (1962), «Sir ochildi» (1963), «Sehrli qalpoqcha» (1964) singari qissalari, «Muhabbat qo‘shig‘i» (1967), «Jonginam, shartingni ayt» (1969), «Konizar yulduzlari» (1978), «Omonboy bilan Davronboy sarguzashti» (1974) kabi asarlarini chop etdi. «Sariq devni minib» romani (1968) esa yozuvchiga katta shuhrat keltirdi. Shundan keyin «Sariq devning o‘limi» (1973), «Besh bolali yigitcha» (1976), «Qasoskorning oltin boshi» (1981), «Yillar va yo‘llar» (1983), «Shirin qovunlar mamlakati» (1986), «Mungli ko‘zlar» (1988), “Jannati odamlar” (1996) romanlari va boshqa asarlarini kitobsevarlarga in’om etdi.

Hoshimjon Ro‘ziyevning sarguzashtlari haqidagi «Sehrli qalpoqcha» hikoyalari silsilasida optimistik tarzda yozilgan ko‘plab epizodlar oddiy qishloq maktabi hayotidan olinganga o‘xshaydi, guyo. Zero, bo‘lajak adib o‘zining kasbiy faoliyatini Farg‘onadagi tuman maktablaridan birida o‘qituvchilikdan boshlagan, keyinchalik o‘quv bo‘limi mudiri, so‘ngra maktab direktori lavozimlarida ham ishlagan. Yozuvchining ushbu asari kinofilm sifatida ham tanildi hamda XXI asr avlodlariga ham manzur bo‘ldi. Muallif intervyularidan birida bu asar 1964-1968 yillar oralig‘ida yozilgan bo‘lsa-da, uni yozish ishtiyoqi maktabda ishlab yurgan kezlarida paydo bo‘lganini va uni yozish uchun motivatsiya yetishmaganini eslagan. X.To‘xtaboyevning «Sariq devni minib» va «Sariq devning o‘limi» asarlari hatto maktab o‘quv dasturiga ham kiritilgan. Ularning o‘z vatanida mashhur bo‘lishi nafaqat qiziqarli syujeti, balki o‘zbek bolalar adabiyotida sarguzasht janridagi ilk asarlar bo‘lgani bilan ham diqqatga loyiq.

Muvaffaqiyatli inson bo‘lish uchun hayotning qiyin maktabidan o‘tish kerak, deyishadi. Bo‘lajak yozuvchining bolaligi oson kechdi, deb aytib bo‘lmaydi. Bo‘lg‘usi adib birinchi ommaviy qatag‘onlar endi boshlanayotgan yillarda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Gap shundaki, X.To‘xtaboyevning bobosi boy yer egalaridan biri bo‘lib, bo‘lajak adibning otasiga katta meros qolgan. O‘sha yillarida oila boshlig‘i ayoli va jajji Xudayberdining ko‘z o‘ngida kambag‘allar olomoni tomonidan kaltaklanib o‘ldirilgan, hatto uni umumiy qabristonga dafn etilishiga ham ruxsat berilmagan. So‘ng uning bevasi va kichkina o‘g‘li uni kechasi qabristonga dafn etishdi va Ikkinchi jahon urushi boshida Rossiya, Belarus, Ukrainadan evakuatsiya qilingan ko‘plab bolalarga boshpana bergan buvisinikiga ko‘chib o‘tishdi, Xudayberdining o‘zi esa bolalar uyiga topshiriladi.
Keyinchalik yozuvchi bu yillar xotiralarini kitoblariga kiritadi. X.To‘xtaboyev adabiyotda o‘ziga xos uslubni topgunga qadar «Toshkent oqshomi», «Sovet O‘zbekistoni» gazetalari tahririyatlarida publitsist bo‘lib uzoq va mashaqqatli mehnat qildi, 300 dan ortiq feletonlar yozadi, «Guliston», «Sharq yulduzi», «Gulxon», «G‘uncha», «Yulduz» va boshqa jurnallarda asarlari bilan faol qatnashib turadi. Rivoyatlarga ko‘ra, taqdir insonga hayotining boshida yoki qirq yildan keyin muvaffaqiyatga erishish imkonini berar ekan. Demak, kichkina qahramonning sarguzashtlarini tasvirlash bilan tanilgan va eng mashhur bolalar yozuvchisiga aylangan Xudayberdi To‘xtaboyev umrining ikkinchi yarmida katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Garchi bu kitoblar o‘tgan asrda yozilgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonning barcha bolalari ular haqida biladi. Adib qahramonlarining ko‘plab iqtiboslari yozuvchining hayotidan olingan: «Men sizni hali ham hayratda qoldiraman!» – deb xitob qiladi jajji Hoshimjon Ro‘ziyev sinfdoshlari va maktab ma’muriyatining adolatsizligiga duch kelganida.
Hoshimjon xushchaqchaq, badjahl, biroz dangasa, to‘yib ovqatlanib, shon-shuhrat nuriga to‘yinishni yaxshi ko‘radi, lekin shu bilan birga mehribon, odamlarga yaxshilik qilishni juda xohlaydigan bola. Tasodifan uning qo‘liga sehrli qalpoqcha tushib qoladi va u egasining har qanday istagini bajarishga qodirdir. Shundan keyin bolaning barcha sarguzashtlari boshlanadi. Bolalikda ko‘rinmas odam bo‘lib qolishni orzu qilmagan inson bo‘lmasa kerak. Yozuvchi kulgili va beozor voqealarni tasvirlab berish orqali kitobxonlarni hayratda qoldira oldi.
«Sehrli qalpoqcha» hikoyasi rus, fransuz, nemis, ukrain va boshqa bir qator tillarga tarjima qilingan va 1970 yilda eng yaxshi bolalar kitobi Butunittifoq tanlovining mukofotiga sazovor bo‘lgan. Adabiyotshunoslarning fikricha, X.To‘xtaboyev ijodidan sharqona zavqni olib tashlab bo‘lmaydi. X.To‘xtaboyevning qahramonlari ham o‘zi kabi mehnat, mehr-oqibat, yaxshilikka ishonish orqali hayot yo‘lini ochib beradi. Bu esa ularning ko‘p qiyin vaziyatlardan chiqib ketishiga yordam beradi.
Yozuvchi sodda tilda yozadi, lekin murakkab va muhim mavzularni ko‘taradi. Yozuvchi o‘zining eng yaxshi asarlarini XXasrda yozgan, biroq mustaqillik yillarida ham X.To‘xtaboyev «Jannati odamlar», «Qiz talashgan o‘smirlar», «Kuyonlar saltanatining shahanshohi» kabi asarlarni yozdi. Adib dunyoqarashi keng va katta tajribaga ega ustoz sifatida uzoq yillar davomida «O‘yla, izla, top!» bolalar teleko‘rsatuvini olib bordi va shu orqali adabiyotning jamiyatda keng ommalashishiga munosib hissa qo‘shdi.
Ko‘pgina yosh qalamkashlar X.To‘xtaboyevni o‘z ustozi deb biladi. Adibning kitoblari MDH mamlakatlarining deyarli barchasida chop etilgan. Ingliz, arab, yapon, nemis, bolgar, fransuz, ispan, chex tillariga tarjima qilingan. Uning ikkita mashhur asari: 1988 yilda «Qasoskorning oltin boshi» romani va 2012 yilda «Sehrli qalpoqcha» qissasi suratga olingan. «Sehrgarlar jangi yoki shirin qovunlar mamlakatida» ertak romani uchun esa 1989 yilda Hamza nomidagi O‘zbekiston SSR Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan.
Ulug‘ adib Xudoyberdi To‘xtaboyev mana to‘rt yil bo‘ldiki oramizda yo‘q. U 2021 yil 21 mart kuni 88 yoshida Toshkentda olamdan o‘tdi. Adib avlodlarga boy adabiy meros qoldirdi. Xudoyberdi To‘xtaboyevning o‘zbek adabiyoti va san’ati rivojidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholangan. U hayotligida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi faxriy unvonlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan.
Lira Shafiq
O‘zA